Braziliya federal sudi “Apple” kompaniyasiga iOS tizimida muqobil manbalardan ilovalarni o‘rnatishga qo‘yilgan taqiqni bekor qilishi kerakligi haqida qaror chiqardi, deya xabar bermoqda “9to5Mac” nashri.
2024-yil noyabr oyida Braziliyaning monopoliyaga qarshi nazorat organi “Apple"ning tashqi manbalardan ilovalarni yuklab olish va “App Store"da muqobil to‘lov usullaridan foydalanishni taqiqlashini qonunga xilof deb topdi.
Organ kompaniyaga 20 kun ichida bu qoidabuzarliklarni bartaraf etishni buyurdi. “Apple” apellyatsiya berdi va sud bu qarorni bekor qildi.
Kompaniya “App Store” siyosatining o‘zgarishi foydalanuvchilar ma’lumotlarining maxfiyligini xavf ostiga qo‘yishi, shuningdek, “Apple” biznesiga salbiy ta’sir ko‘rsatishini ta’kidladi.
Biroq, federal sudyaning aytishicha, “Apple” o‘z bayonotlariga qaramay, boshqa mamlakatlarda shunga o‘xshash talablarni o‘z biznes modeliga jiddiy zarar yetkazmagan holda allaqachon bajargan.
2024-yil yanvar oyida “Apple” YeIdagi uchinchi tomon iOS ilovalari do‘konlariga DMA talablariga rioya qilishiga ruxsat berishini e’lon qildi.
Kompaniya, shuningdek, Yevropa iqtisodiy zonasidagi uchinchi tomon dasturchilariga “iPhone” va “Apple Watch"dagi “NFC” chiplaridan foydalanish imkoniyatini beradi.
Avvalroq “Spot” “Apple” Buyuk Britaniya hukumatini sudga bergani haqida yozgandi.
Qayd etilishicha, bunga Britaniya hukumatining iCloud shifrlangan ma’lumotlari uchun “back door” yaratish talabi sabab bo‘lgan.