Toshkentdagi yo‘l bo‘yi pulli avtoturargohlar loyihasi 8-may kuni rasman ishga tushiriladi. Bu haqda 5-may kuni bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida Streetpark Systems pulli avtoturargohlar operatori vakillari ma’lum qildi.

Birinchi bosqich doirasida 30-maygacha poytaxtning 6 ta sinov ko‘chasida dastlabki pulli avtoturargohlarni ishga tushirish rejalashtirilgan. Ular orasida Amir Temur xiyoboni, Mirobod, Shahrisabz, Istiqbol va Zarafshon ko‘chalari bo‘lib, hozirda hududni obodonlashtirish, asfalt yotqizish, yo‘l belgilarini o‘rnatish va maxsus chiziqlar chizishni o‘z ichiga olgan tayyorgarlik ishlari olib borilmoqda.

Ikkinchi bosqichda esa 30-iyungacha poytaxtning yana 30 ta ko‘chasida pulli yo‘l bo‘yi avtoturargohlari paydo bo‘ladi, iyul oyi oxirigacha 13 208 ta to‘xtash joyiga mo‘ljallangan nuqtalar barcha 86 ta ko‘chani qamrab oladi.

pulli parkovka, avtoturargoh, toshkent shahri, streetpark systems

Toshkentda pulli yo‘l bo‘yi avtoturargohlari tashkil etiladigan 86 ta ko‘cha ro‘yxati

Avtoturargoh uchun joylar quyidagi mezonlar bo‘yicha tanlandi:

  • transport tirbandligi yuqori bo‘lgan ko‘chalar;
  • savdo va uy-joy infratuzilmasiga yaqin bo‘lgan tumanlar;
  • yo‘l harakati qoidalari va shaharsozlik normalarini buzmagan uchastkalar (chorrahalar, avtobus bekatlari, xavfsizlik zonalari loyihadan chiqarib tashlangan).

Streetpark Systems’ning tushuntirishicha, to‘xtash joyi uchun to‘lovni amalga oshirishning asosiy usuli Poytaxt Parking mobil ilovasi bo‘ladi, u takomillashtirilmoqda va shu hafta oxirida ilova do‘konlarida paydo bo‘ladi.

Ilova ichida foydalanuvchilar Payme, Click, Uzum Bank kabi turli to‘lov xizmatlaridan, shuningdek, xalqaro bank kartalaridan foydalanib to‘lov usullarini tanlash imkoniyatiga ega bo‘ladilar. Bunga qo‘shimcha ravishda, avtoturargohlar yaqinida naqd pul qabul qilish uchun Paynet terminallari o‘rnatiladi. Avtoturargoh narxi to‘lov usulidan qat’i nazar bir xil bo‘ladi.

Hozirda Toshkent beshta tarif zonasiga bo‘lingan bo‘lib, pulli to‘xtash joyining narxi ana shu hududlarga qarab soatiga 5 mingdan 12 ming so‘mgacha o‘zgaradi. Streetpark Systems vakilining ma’lum qilishicha, yaqin atrofdagi uylar aholisiga tungi vaqtda bepul to‘xtash imkonini beruvchi kunduzgi tariflar va rezident to‘xtash joyi ruxsatnomasi ishlab chiqilmoqda.

Pulli hududlarni vizual belgilar orqali aniqlash mumkin:

  • pulli to‘xtash joyi va to‘lov shartlari ko‘rsatilgan axborot taxtalari;
  • 5.15.1 (YHQdagi yangi belgi) va 3.27 (to‘xtash taqiqlangan) yo‘l belgilari;
  • maxsus belgilar: to‘xtash joyi bo‘ylab oq chiziq, asfaltda to‘xtash joyini belgilash, zona raqami.

pulli parkovka, avtoturargoh, toshkent shahri, streetpark systems

Bundan tashqari, Poytaxt Parking mobil ilovasida real vaqt rejimida pulli hududlar xaritasi, jumladan, joylarning mavjudligi va narxi haqidagi ma’lumotlar ko‘rsatiladi. Paynet terminallarida haydovchilar uchun ushbu hududda to‘lovni amalga oshirish bo‘yicha yo‘riqnoma, shuningdek, to‘xtash joyi raqami bo‘yicha to‘lovni amalga oshirish imkoniyati mavjud bo‘ladi.

Bundan tashqari, pulli avtoturargohlarni joriy etishning dastlabki bosqichida qoidabuzarlar ma’muriy javobgarlikka tortilmaydi. Streetpark Systems’da ta’kidlanishicha, inspektorlar joylarda haydovchilar bilan tushuntirish ishlarini olib boradi. Qoidabuzarliklarni videokameralar qayd etadi, biroq jarimalar yozilishi boshlanishi va ularning miqdori haqida OAV orqali alohida ma’lum qilish rejalashtirilmoqda.

2-may kuni Toshkentda yo‘l bo‘yidagi birinchi pulli avtoturargohlar sinovdan o‘tkazilayotgani ma’lum bo‘ldi. Ulardan biri Amir Temur xiyoboni atrofida joylashgan bo‘lib, bu yerda to‘xtash joyining narxi soatiga 12 ming so‘mni tashkil etadi.

Toshkentda pulli avtoturargohlar

2024-yilning oktabrida poytaxt hokimi Shavkat Umurzoqov Toshkentda pulli to‘xtab turish joylarini tashkil etishga qaratilgan qarorni imzoladi. Unga ko‘ra, 2025-yilning avgust oyi oxirigacha 13,2 mingta pulli “parkovka” tashkil etish, kelgusida ularni 84 mingtaga yetkazish rejalashtirilgandi.

Bundan oldin hokimlik poytaxtda pulli to‘xtab turish joylarini tashkil etish tartibini tasdiqlangandi. Barcha tumanlarda ijaraga beriladigan maydonlarning umumiy hajmi 262,8 ming kv.metrni tashkil etadi. Operator Toshkentning barcha tumanlaridagi ko‘chalardagi nuqtalarni uch yil muddatga boshqarishga oladi va ularni texnik jihozlash uchun kamida $5 mln investitsiya kiritishi kerak bo‘ladi.

Noyabr oyi oxirida o‘tkazilgan birinchi auksionda Balcomuz qo‘shma korxonasi g‘olib bo‘lgandi. Kompaniya avtoturargohlar ijarasi uchun taxminan 120 mlrd so‘m taklif qilgan, ammo kelishuv tasdiqlanmagan.

Dekabr oyi o‘rtalariga kelib, Streetpark Systems poytaxt ko‘chalarida pulli “parkovka"larni tashkil etish huquqi uchun takroriy savdolarda g‘olib chiqdi. Ushbu kompaniya auksionning ikkinchi bosqichida “parkovka” maydonlarini 3 yilga ijaraga olish uchun 62,93 mlrd so‘m taklif etdi.

Shuningdek, ushbu kompaniya pulli “parkovka” platformasini yaratish bo‘yicha tenderda ham g‘olib bo‘lgan. Mart oyida Streetpark Systems mobil ilova yaratish ustida ish olib borayotgani ma’lum bo‘ldi.

Avvalroq Qo‘yliq bozori rekonstruksiya davrida o‘z faoliyatini to‘xtatmasligi haqida xabar berilgandi.