AQSh Qimmatli qog‘ozlar va birjalar komissiyasi (SEC) Binance kriptobirjasiga qarshi da’voni qaytarib oldi. Bu haqda Reuters nashri xabar bermoqda.
Komissiya majburiy ijro ishini rad etish “uning ixtiyoriy vakolatlarini amalga oshirish tartibida va siyosiy masala sifatida” o‘rinli bo‘lganini va kriptovalyutalar bilan bog‘liq boshqa sud jarayonlariga nisbatan uning nuqtai nazarini aks ettirmasligini ta’kidladi.
Bu qaror prezident Donald Tramp Oq uyga qaytganidan beri regulyatorning kriptovalyutalarga nisbatan yangi yondashuvini kengaytirganini ko‘rsatmoqda.
AQSh Qimmatli qog‘ozlar va birjalar bo‘yicha komissiyasi, Binance huquqshunoslari va Binance asoschisi Changpeng Zhao tomonidan imzolangan da’voni rad etish haqidagi qo‘shma kelishuv Vashington (Kolumbiya okrugi) federal sudiga taqdim etildi.
Da’voni rad etish to‘g‘risidagi qaror noxolis hisoblanadi, bu esa komissiya ushbu ishni qayta ko‘rib chiqa olmasligini anglatadi.
“Biz (SEC) raisi Pol Atkins va Tramp ma’muriyatiga innovatsiyalar majburlash orqali tartibga solish sharoitida gullab-yashnashi mumkin emasligini tan olganliklari uchun chuqur minnatdorchilik bildiramiz”, — dedi Binance vakili.
SECning Binance’ga qarshi da’vosi 2023-yil iyun oyida sudga taqdim etildi. Nazorat organi kompaniya va Chanpen Chjaoga qarshi 13 ta aybnoma ilgari surdi. Bular orasida Binance.US ustidan nazorat haqida mijozlar va regulyatorlarni chalg‘itish, manfaatlar to‘qnashuvini yashirish va birjadagi savdolarni sun’iy ravishda boshqarish kabi ayblovlar mavjud.
Bundan oldin Tovar Fyucherslari Savdosi Komissiyasi (CFTC) ham Binance’ga qarshi da’vo qo‘zg‘atgan edi. Kriptovalyuta birjasi va uning asoschisi kriptovalyuta derivativlari savdosi qoidalarini buzganlikda, yirik mijozlarga soxta kompaniyalar nomidan hisob ochishda ko‘maklashganlikda, shuningdek, noqonuniy pul aylanmasiga qarshi kurashda yetarli chora ko‘rmaganlikda ayblangan.
2023-yil dekabr oyida Illinoys shtati sudi Binance va CFTC kelishuvini ma’qulladi. Uning shartlariga ko‘ra, kompaniya regulyatorga $2,7 mlrd to‘lashi kerak edi, yana $150 mln Chjaoning o‘zidan undirilishi kerak edi.
Sietl federal sudi 2024-yil aprel oyi oxirida Chanpen Chjaoga qarshi jinoiy ish bo‘yicha hukm chiqardi. Tadbirkor to‘rt oylik qamoq jazosi va $50 mln jarimaga tortildi.
Avvalroq Spot Binance’da O‘zbekiston rezidentlari uchun P2P o‘tkazmalari to‘xtatilgani haqida yozgandi.
Foydalanuvchilar uchun bank kartalari va mahalliy to‘lov tizimlari orqali mablag‘larni to‘ldirish va yechib olish imkoniyati saqlanib qolmoqda.