Xitoyning Yadea kompaniyasi dengiz tuzidan olinadigan natriy bilan ishlaydigan elektrosamokatlarni sinovdan o‘tkazmoqda. Bu haqda BBC nashri xabar berdi.
Narxi $400−660 oralig‘ida sotiladigan bu skuterlar odatda ikki g‘ildirakli elektr transport vositalarida qo‘llaniladigan oddiy qo‘rg‘oshin-kislotali yoki litiy-ion batareyalarda ishlamaydi.
Buning o‘rniga, ularning batareyalari dengiz tuzidan ajratib olish mumkin bo‘lgan keng tarqalgan element — natriydan tayyorlangan.
Xanchjouda savdo markazi oldida ushbu innovatsion skuterlar jamoatchilik tomonidan sinovdan o‘tkazilmoqda. Ularning yonida maxsus zaryadlash shoxobchalari o‘rnatilgan bo‘lib, akkumulyatorni atigi 15 daqiqada noldan 80%gacha zaryadlash imkoniyati mavjud.
Shuningdek, akkumulyatorlarni almashtirish stansiyasi mavjud bo‘lib, u QR-kodni skanerlash orqali yo‘lovchilarga o‘zlarining ishlatilgan elementlarini yangilariga almashtirish imkonini beradi.
Xitoy tarmoq operatorlari, qayta tiklanadigan energiya manbalarini tarmoqqa samarali ulashga ko‘maklashish maqsadida, natriy-ion akkumulyatorlaridan foydalangan holda energiya saqlash qurilmalarini qurish ishlarini boshlab yubordilar.
BBC suhbatlashgan ko‘plab tadqiqotchilarning fikricha, bu soha yangi texnologiyani joriy etish uchun asosiy maydon hisoblanadi.
Avvalroq Spot Xitoy hayvon tilini inson tiliga tarjima qiluvchi dasturni ishlab chiqarishi mumkinligi haqida yozgandi.
Baidu kompaniyasi tegishli dastur uchun patent olishga ariza topshirgan bo‘lib, u hayvonlarning xatti-harakati, yuz ifodalari, tana tilini analiz qiladi va tushunarli so‘zlarga aylantirib beradi.