Farg‘ona xalqaro aeroportida yangi terminal qurish rejalashtirilmoqda. Bu haqda Uzbekistan Airports matbuot xizmati Spot’ga ma’lum qildi.

15-aprel kuni Farg‘ona viloyati hokimi Xayrullo Bozorov Turkiyaga qarashli Terminal Yapı ve Ticaret Anonim Şirketi kompaniyasi rahbari Mehmet Alp Delimollao‘g‘lu bilan navbatdagi uchrashuvni o‘tkazdi. Unda avval muhokama qilingan tashabbuslarning hozirgi holati va hamkorlikni yanada kengaytirish masalalari ko‘rib chiqildi.

Xususan, xalqaro moliya institutlari ishtirokida sog‘liqni saqlash va ta’lim sohalarida zamonaviy infratuzilma yaratish, mavjud obyektlarni rekonstruksiya qilish va texnik modernizatsiya qilish, aeroportni modernizatsiya qilishni nazarda tutuvchi loyihalar yuzasidan fikr almashildi.

farg'ona aeroporti, yangi terminal

Muzokaralar chog‘ida tomonlar mintaqada amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar doirasida investitsiyaviy hamkorlikni chuqurlashtirish muhimligini ta’kidlab, istiqboldagi vazifalarni belgilab oldilar.

Uzbekistan Airports matbuot xizmati Spot’ga Farg‘ona aeroportini modernizatsiya qilish rejalari qisman amalga oshirilganini tasdiqladi. Mart oyida havo bandargohida 35 yil ichida birinchi marta perronni kapital ta’mirlash boshlandi va allaqachon yakunlandi.

Keyingi bosqichda yangi terminalni loyihalashtirish va qurish ko‘zda tutilgan. Davlat kompaniyasi keyinroq batafsil ma’lumot berishga va’da berdi.

farg'ona aeroporti, yangi terminal


Avvalroq Uzbekistan Airports JPMorgan Chase bilan yevrobondlar chiqarishni rejalashtirayotgani haqida yozgandi.