Logistikadagi muammolar O‘zbekiston va Qozog‘iston o‘rtasidagi tovar ayirboshlash hajmining o‘sishiga to‘sqinlik qilmoqda. Bu haqda Qozog‘iston bosh vaziri o‘rinbosari — milliy iqtisodiyot vaziri Serik Jumangarin qozog‘istonlik jurnalist Odil Baltabayev olib borayotgan President maxsus loyihasida ma’lum qildi.
“Ko‘p jihatdan tovar aylanmasi o‘smayotganining sababi eksport uchun logistika imkoniyatlarimizning cheklanganligidir: Toshkent transport bog‘lamasi, Sariog‘och-Toshkent yo‘nalishi haddan tashqari tig‘iz. Men prezidentlarga Sariog‘och atrofida 103 km uzunlikdagi aylanma yo‘l qurilishini boshlaganimiz haqida axborot berdim. Darbaza-Maqtaaral temiryo‘li qurilishini yakunlayapmiz, buning natijasida 20 mln tonna yuk Toshkentni chetlab o‘tadi, ya’ni biz Toshkent transport bog‘lamasini aylanib o‘tamiz”, — dedi bosh vazir o‘rinbosari.
Bundan tashqari, joriy yilda Qozog‘iston O‘zbekistondan Kaspiy dengizi portlariga boradigan yo‘lni qisqartirish imkonini beruvchi Beyneu-Saksovul avtomobil yo‘lini qurish loyihasini amalga oshirishni boshlaydi. “Bu o‘zbekistonlik tadbirkorlar, birinchi navbatda, eksportchilar uchun katta yordam”, — dedi Jumang‘arin.
Shuningdek, Qizilo‘rda-Aqto‘be avtomobil yo‘li kengaytirilmoqda, u birinchi toifali magistralgacha yetkaziladi: ikki qatorli emas, to‘rt qatorli bo‘ladi.

O‘tgan hafta Qozog‘iston prezidenti Qasim-Jomart Toqayev amaliy tashrif bilan Buxoroga keldi. Shavkat Mirziyoyev bilan muzokaralarda transport-logistika bog‘liqligini rivojlantirish masalalari muhokama qilindi.
Xususan, tomonlar chegara infratuzilmasini modernizatsiya qilish, tor joylarni bartaraf etish va tashqi bozorlarga chiqishni ta’minlaydigan samarali transport yo‘laklarini shakllantirish bo‘yicha qo‘shma chora-tadbirlarni amalga oshirish zarurligini ta’kidladilar.
Serik Jumang‘arin “infratuzilmadagi tor joylar” muammosini hal qilish uchun mamlakatlar o‘rtasidagi avtomobil va temir yo‘l o‘tkazish punktlari kengaytirilishini aytdi.
Joriy yilning sentabr oyida Jibek joli (G‘ishtko‘prik) o‘tkazish punktini ochish rejalashtirilgan bo‘lib, u har kuni 70 ming kishi va 2000 dan ortiq yengil avtomobilni o‘tkazadi.
Milliy statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, 2025-yilda O‘zbekistonning Qozog‘iston bilan tovar ayirboshlash hajmi $4,69 mlrdni tashkil etgan.
O‘tgan yilga nisbatan 11,3% ga o‘sdi, biroq o‘sish sur’atlari mamlakatning asosiy tashqi savdo hamkorlari bo‘lgan Xitoy va Rossiyadan ortda qolmoqda. Shu bilan birga, 2024-yilda tovar ayirboshlash biroz kamaydi.