Qimmatbaho toshlarni qonunga xilof ravishda o‘tkazganlik uchun maʼmuriy va jinoiy javobgarlik belgilandi. Bu bo‘yicha tegishli qonun bilan ayrim hujjatlarga o‘zgartirishlar va qo‘shimcha kiritildi.

Jinoyat kodeksiga kiritilgan o‘zgartirishlarga ko‘ra, qimmatbaho metallar yoki qimmatbaho toshlarni noqonuniy ravishda olish yoxud o‘tkazish uchun avval ma‘muriy jazo qo‘llanilgan bo‘lsa, ushbu harakat takror sodir etilganda jinoiy javobgarlik yuzaga keladi.

Shuningdek, Jinoyat kodeksining VIII bo‘limiga “qimmatbaho metallar” va “qimmatbaho toshlar” atamalarining huquqiy ta‘rifi kiritildi.

Ma‘muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga kiritilgan o‘zgartirishlarga muvofiq, qimmatbaho metallar va yoki qimmatbaho toshlarni noqonuniy ravishda olish yoki o‘tkazish aniqlansa, ular musodara qilinadi.

Bundan tashqari, huquqbuzarga 15 sutkagacha ma‘muriy qamoq jazosi qo‘llanishi mumkin. Ma‘muriy qamoq qo‘llanilmaydigan shaxslarga esa BHMning 10 baravaridan 20 baravarigacha (4,12 mln so‘mdan 8,24 mln so‘mgacha) miqdorda jarima solinadi.

Mazkur qonun rasmiy e‘lon qilingan kundan boshlab kuchga kiradi.

Yanvar oyida zargarlik buyumlarining noqonuniy aylanmasini kamaytirishga qaratilgan qonun loyihasi maʼqullangandi. Yarim tayyor zargarlik buyumlarini O‘zbekiston bojxona hududidan tashqariga olib chiqish tartibi takomillashtirilishi aytilgandi.


Spot, avvalroq, soliq to‘lashdan bo‘yin tovlagan tadbirkorlar uchun jarimalar oshirilishi haqida yozgandi.