Avvalroq prezidentning madaniyat va san‘at sohasida boshqaruv tizimini takomillashtirish hamda xususiy sektor ishtirokini kengaytirishga qaratilgan qarori qabul qilingani haqida xabar berilgandi.
Hujjatga ko‘ra, 2026-yil 1-avgustdan madaniyat sohasida nodavlat va xususiy sektor ishtirokini kuchaytirish maqsadida grantlar ajratish tizimi joriy etiladi.
Grantlar teatr, sirk, musiqa, raqs, nomoddiy madaniy meros, kino, animatsiya hamda madaniyat ta‘limi yo‘nalishidagi loyihalarga yo‘naltiriladi.
Shuningdek, adabiy asarlar yaratish, inklyuzivlik va ijtimoiy tashabbuslar, startap hamda ijodiy loyihalar ham qo‘llab-quvvatlanadi.
Bundan tashqari, innovatsiyalar, sun‘iy intellekt va raqamlashtirish yo‘nalishlari ham grant dasturlaridan o‘rin oladi.
Madaniyat vazirligi e‘lon qilinadigan loyihalar uchun ERP madaniyat yagona boshqaruv tizimi doirasida qo‘shimcha madaniyatgrant.uz platformasini ishga tushiradi.
Mazkur tashabbuslarni moliyalashtirish maqsadida 2026-yil iyuldan boshlab nodavlat teatr va teatr-studiyalariga davlat buyurtmasi uchun ajratilayotgan mablag‘larga qo‘shimcha ravishda byudjetdan 20 mlrd so‘m yo‘naltiriladi.
Shuningdek, 2026-yil 1-iyuldan nodavlat madaniyat tashkilotlarini qo‘llab-quvvatlashning yangi mexanizmlari joriy etiladi.
Unga ko‘ra, bunday tashkilotlar faoliyatini yo‘lga qo‘yish uchun banklarning o‘z mablag‘lari hisobidan milliy valyutada 20 mlrd so‘mgacha kreditlar ajratiladi. Kredit foizining Markaziy bank asosiy stavkasidan (14%) yuqori, biroq uning 1,5 baravaridan oshmaydigan qismi budjet hisobidan qoplanadi.
Bundan tashqari, nodavlat madaniyat tashkilotlari uchun yangi binolar qurgan yoki o‘z obyektlarida madaniyat hamda sanʼat faoliyatini yo‘lga qo‘ygan tadbirkorlarga kommunal xarajatlarning 50%i 5 yil davomida qoplab beriladi.
Yangi nodavlat madaniyat tashkilotlarini tashkil etish maqsadida esa har bir hududdan maqbul yer uchastkalari E-auksion platformasi orqali mulk yoki ijara huquqi asosida savdoga chiqariladi.
Spot, avvalroq, har bir hududda bittadan Madaniyat mehmonxonasi barpo etilishi haiqda yozgandi.