Soliq qo‘mitasi konsert-tomosha faoliyati bilan shug‘ullanuvchi xonandalar tomonidan topshirilgan yillik soliq deklaratsiyalari bo‘yicha ma‘lumotlarni e‘lon qildi.

Qo‘mita ma‘lumotiga ko‘ra, 17-aprel holatiga konsert-tomosha faoliyati litsenziyasiga ega bo‘lgan va 2025-yilda ushbu yo‘nalishda daromad olgan 728 nafar xonanda soliq deklaratsiyasini taqdim etgan.

Ular jami 4,69 mlrd so‘m daromad ko‘rsatgan. Shundan 3,72 mlrd so‘mi soliqqa tortiladigan daromad sifatida tan olinib, 437,1 mln so‘m daromad solig‘i hisoblangan.

Reyting guruhlari kesimida eng katta ulush uchinchi guruh hissasiga to‘g‘ri kelgan. Ushbu toifadagi 643 nafar xonanda 3,01 mlrd so‘m daromad ko‘rsatib, ular uchun 277 mln so‘m soliq hisoblangan.

Birinchi guruhdagi 28 nafar xonanda 1,09 mlrd so‘m daromad deklaratsiya qilgan bo‘lib, bu toifa bo‘yicha 104,4 mln so‘m soliq belgilangan.

Ikkinchi guruhga kiruvchi 57 nafar xonanda esa 585,4 mln so‘m daromad ko‘rsatgan. Ular uchun 55,7 mln so‘m daromad solig‘i hisoblangan.

Taqdim etilgan deklaratsiyalarda jami 228 nafar xonanda yillik daromadini 1 mln so‘mgacha, jami 117,9 mln so‘m etib ko‘rsatgan. 396 nafari esa 10 mln so‘mgacha (1,78 mlrd so‘m) daromad olgan.

Yana 71 ta deklaratsiyada daromad 20 mln so‘mgacha (972,1 mln so‘m), 16 tasida 40 mln so‘mgacha (514,6 mln so‘m), 11 tasida 60 mln so‘mgacha (605 mln so‘m) etgani qayd etilgan.

Eng yuqori ko‘rsatkich 6 ta deklaratsiyada kuzatilib, ularda yillik daromad 152 mln so‘mgacha (702 mln so‘m) yetgan.

Hisoblangan daromad solig‘ini to‘lash muddati 2026-yil 1-iyungacha etib belgilangan.

O‘tgan yilning avgustida 2 mingga yaqin xonanda daromadlari to‘g‘risida soliq deklaratsiyasini taqdim etgandi.

Joriy yil aprelda esa xonandalar to‘lagan soliqlari 7 baravardan ko‘proqqa kamaygani aytildi. 2025-yilda xonandalarga hisoblangan daromad solig‘i 154 mln so‘mni tashkil etib, o‘tgan yilga nisbatan qariyb 86% ga kamaygan.

Spot, avvalroq, soliq to‘lashdan bo‘yin tovlagan tadbirkorlar uchun jarimalar oshirilishi haqida yozgandi.