Jizzax viloyatida Kia brendining yangi Kia K3 sedanini ishlab chiqarish boshlandi. Bu haqda viloyat hokimligi matbuot xizmati xabar berdi.

Ishlab chiqarish Kia‘ning xalqaro texnologik standartlari asosida ADM Jizzakh zavodida yo‘lga qo‘yildi. Unda butlovchi qismlarni tayyorlashdan tortib, yakuniy sifat nazoratigacha bo‘lgan barcha bosqichlar qamrab olingan.

Loyihaga $65 mln investitsiya mablag‘lari yo‘naltirilgan bo‘lib, mazkur yangi modelni aprel oyi oxirida bozorga chiqarish rejalashtirilmoqda.

Bundan tashqari, $100 mlndan ortiq sarmoya hisobiga mahalliylashtirish klasteri tashkil etilgan. Uning doirasida o‘rindiqlar, plastik detallar, rezina zichlagichlar hamda lak-bo‘yoq mahsulotlari ishlab chiqarish o‘zlashtirilgan.

Zavodda avtomobil ishlab chiqarish hajmi oxirgi to‘rt yilda 10 baravarga — 2021-yildagi 4,6 mingtadan 2025-yildagi 46 mingtaga oshdi. Jami 12,2 trln so‘mlik mahsulot ishlab chiqarilgan.

Hozirda ADM Jizzakh korxonasida Kia, Chery, Haval, Hyundai, Changan hamda GWM Tank modellari ishlab chiqarilmoqda.

Ijtimoiy tarmoqlardagi maʼlumotlarga ko‘ra, yangi Kia K3 modelining narxi $20 mingni tashkil etadi. Avtomashina 1,4−1,6 motorga ega bo‘lib, unda 100−123 ot kuchi mavjud.

Spot, avvalroq, O‘zbekiston Qozog‘iston va Afg‘onistonga BYD elektromobillarini eksport qilishi haqida yozgandi.