Soliq qo‘mitasi umumiy ovqatlanish sohasi uchun qo‘shilgan qiymat solig‘ining nol foizli stavkasini joriy etish rejalariga izoh berdi. Bu haqdagi bayonot qo‘mitaning Telegram-kanalida e‘lon qilindi.
Qayd etilishicha, soha vakillari bilan o‘tkazilgan ochiq muloqotda umumiy ovqatlanishni qo‘llab-quvvatlashning turli yondashuvlari va xalqaro tajriba muhokama qilingan. Xususan, umumiy ovqatlanish korxonalariga QQS bo‘yicha preferensial shartlar qo‘llaniladigan ayrim mamlakatlar tajribasi misol qilib keltirilgan.
Ta‘kidlanishicha, bunday choralar biznes zimmasiga muayyan majburiyatlar yuklaydi, masalan, xodimlar soni, ish haqi darajasi va boshqa ijtimoiy-iqtisodiy ko‘rsatkichlar bo‘yicha.
“Shu bilan birga, alohida taʼkidlash joizki, mazkur masala doirasida faqat xorijiy tajribani o‘rganish va sohani qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha ehtimoliy yondashuvlarni ko‘rib chiqish haqida so‘z yuritildi. Hozirgi bosqichda umumiy ovqatlanish sohasi uchun QQSning nol stavkasi joriy etilishi bo‘yicha hech qanday yakuniy qaror qabul qilingani yo‘q”, — deyiladi xabarda.
Soliq qo‘mitasining qo‘shimcha qilishicha, tadbirkorlik subyektlariga mazkur sohani qo‘llab-quvvatlash yuzasidan o‘z takliflarini taqdim etish taklif qilindi. Ushbu takliflar o‘rganilganidan so‘ng, biznes va davlat manfaatlarini inobatga olgan holda eng maqbul qarorlar ishlab chiqiladi.
Umumiy ovqatlanish sohasida nol foizli QQS
O‘zbekistonda bir qator shartlar bajarilgan taqdirda umumiy ovqatlanish korxonalari uchun QQS nolga tenglashtirilishi mumkin. O‘tgan hafta Soliq qo‘mitasi raisi Farrux Pulatov biznes vakillari bilan ochiq muloqotda idora xorijiy mamlakatlar tajribasini o‘rganayotganini ma‘lum qildi.
Tadbirkorlar QQSning standart yoki imtiyozli stavkasini tanlashlari mumkin bo‘ladi. Nol foizli stavkani qo‘llash uchun aylanma va xodimlar soni bo‘yicha minimal talablarni bir vaqtning o‘zida bajarish kerak. Bunda faqat ijtimoiy soliq va foyda solig‘i saqlanib qoladi.
“Buni maslahatlashib ko‘ringlar. Bu ochiq muloqot bo‘lganligi uchun aytyapmiz. Bo‘ladigan bo‘lsa, Agar iloji bo‘lsa, yig‘ilib, yana bir bor [muhokama qilaylik] va sinov tariqasida ishga tushirib ko‘raylik. Agar ish bersa, hammaga ma‘qul kelsa — qilamiz, aks holda — yo‘q. Biz xorijiy mamlakatlar tajribasini aytyapmiz xolos”, — degan edi Farrux Pulatov.
Soliq qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Jahongir Abdiyevning ta‘kidlashicha, minglab turli soliq imtiyozlaridan faqat uchtasigina maqsadli xususiyatga ega. U belgilangan majburiyatlarni bajarish evaziga biznesga imtiyozlar taqdim etishni taklif qildi.
Spot, avvalroq, Soliq qo‘mitasi raisi umumiy ovqatlanish korxonalarini biznesni bo‘lmaslikka chaqirgani haqida yozgandi.