JP Morgan tahliliga ko‘ra, 2027-yilga borib iPhone butlovchi qismlari qiymatining 45% gachasi xotira ulushiga to‘g‘ri kelishi mumkin. Hozirda bu ko‘rsatkich taxminan 10% ni tashkil etadi. Bu haqda Financial Times xabar berdi.

Apple yiliga taxminan 250 mln dona iPhone uchun xotira qurilmalarini xarid qiladi va tarixan ushbu toifadagi eng yirik xaridorlardan biri bo‘lib kelgan.

Biroq, xabarlarga ko‘ra, Apple shartlarni o‘zi belgilaydigan vaziyatdan yetkazib berishlar uchun raqobatchilar bilan kurashishga majbur bo‘lgan holatga o‘tgan. Buning asosiy sababi — hozirda faol subsidiyalanayotgan sun’iy intellekt tizimlarining rivojlanishidir.

Ilg‘or sun’iy intellekt modellari uchun ko‘proq hisoblash resurslarini qayta ishlashga qodir ma’lumotlar markazlarini yaratish poygasida Nvidia kabi sun’iy intellekt infratuzilmasi xaridorlari, xabarlarga ko‘ra, Samsung, SK Hynix va Micron kabi kompaniyalarning cheklangan hajmdagi takliflari uchun savdolashayotgan maishiy elektronika ishlab chiqaruvchilaridan ustun kelmoqda.

Ayni paytda, bulutli texnologiyalar kompaniyalari o‘zlarini zarur quvvatlar bilan ta’minlash uchun milliardlab dollarlik oldindan to‘lovlarni amalga oshirayotgani aytilmoqda.

Bu avval yetkazib beruvchilar bilan katta hajmdagi mahsulotlarni sotib olish bo‘yicha shartnomalar tuzilib, keyin narxlar bo‘yicha muzokaralar olib boriladigan tarmoq me’yoridan sezilarli darajada chekinishdir.

Bosim allaqachon Apple’ning mahsulot ishlab chiqarish rejalarini o‘zgartirmoqda va iPhone 18 seriyasining bosqichma-bosqich ishga tushirilishi haqidagi mish-mishlar ushbu yangi voqelikning bir qismi ekanligi aytilmoqda.

Apple butun liniyani odatdagi kuz mavsumida yetkazib berish o‘rniga, arzonroq modelni 2027-yil bahoriga qoldirib, iPhone 18'ni bosqichma-bosqich ishga tushirishi kutilmoqda.

Buning o‘rniga, sentabr oyida faqat iPhone 18 Pro modellari chiqariladi va taxlanadigan iPhone taxminan bir vaqtning o‘zida taqdim etilishi kutilmoqda.

Apple’ning apparat ta’minotini ishlab chiqish bo‘limi boshlig‘i Jon Ternus 1-sentabr kuni Tim Kukning o‘rniga bosh direktor bo‘ladi, Kuk esa Apple’ning birinchi ijrochi raisi sifatida yangi lavozimga o‘tadi va u yerda kompaniyaning kundalik faoliyatida bevosita ishtirok etishi kutilmoqda.

Shu bilan birga, Ternusning birinchi muhim qarori Apple xotiraning o‘sib borayotgan xarajatlarini o‘z zimmasiga oladimi yoki ularni iste’molchilarga yuklaydimi degan savol bo‘ladi.

Bank of America tahlilchisi Vamshi Mohanning fikricha, qaror Apple narxlarni iste’molchilar ehtiyojlariga mos darajada ushlab turishiga yoki foydani yo‘qotishga rozi bo‘lishiga bog‘liq bo‘lishi mumkin, ayniqsa kompaniya mahalliy smartfon ishlab chiqaruvchilari bilan raqobatlashadigan Hindiston va Xitoy kabi bozorlarda.

“Sentabr oyiga kelib Apple’da ikkita variant bo‘ladi: birinchisi — [mahsulot] narxini oshirish, ikkinchisi — bozor ulushi uchun kurashni boshlash”, — dedi Mohan Financial Times nashriga. Uning fikricha, Apple bozor ulushini egallash yo‘lini tanlashi uchun yaxshi imkoniyatlar mavjud.


Avvalroq Apple iPhone dizaynida katta o‘zgarishlar qilishga tayyorlanaytogani haqida xabar berilgandi.

Kompaniya mutlaqo ramkasiz, butun old panelni egallaydigan displeyli smartfon ustida ham qizg‘in ish olib bormoqda.