Istiqbolli loyihalar milliy agentligi Way II Management kompaniyasini investitsiya platformalari sohasidagi “tartibga solish qumdoni"da ro‘yxatdan o‘tkazganini e‘lon qildi.

Kompaniya regulyator tomonidan yanvar oyida ishga tushirilgan maxsus huquqiy rejimning birinchi ishtirokchisi bo‘ldi. U 2024-yil kuzida tashkil etilganidan beri Way Invest platformasining operatori hisoblanadi.

“Qumdon” doirasida Way II Management Way Invest platformasi orqali investorlar va mablag‘larni jalb qiluvchi shaxslar o‘rtasida o‘zaro hamkorlikni tashkil etish loyihasini amalga oshiradi.

O‘zbekistonda investitsiya platformalari mablag‘larni jalb qilishning raqamli infratuzilmasini rivojlantirishni rag‘batlantirish va biznes uchun investitsiya vositalaridan foydalanish imkoniyatini oshirish maqsadida joriy etilmoqda.

Xususan, ular raqamli hamkorlik orqali investorlardan to‘g‘ridan to‘g‘ri moliyalashtirishni jalb qilish imkonini beradi, deya ta‘kidladi kompaniya.

Muqobil investitsiyalar

Shavkat Mirziyoyev 2025-yil 20-avgust kuni tadbirkorlar bilan ochiq muloqotda sarmoyalarni jalb qilishni soddalashtirish uchun maxsus platforma yaratish rejalarini ma‘lum qilgan edi. Investorlar korxonalarda mas‘uliyati cheklangan ulushdor sifatida ishtirok etishi mumkin bo‘ladi, bunda ularning sarmoyalari xavfsizligi kafolatlanadi.

Ushbu platforma tadbirkorlarga o‘z loyihalarini joylashtirishga, potensial investorlarga esa ularni baholab, mablag‘ kiritishga imkon beradi. Prezident uning ishga tushirilishi hisobidan jalb qilinadigan qo‘shimcha investitsiyalar hajmini yiliga $1 mlrdga baholagandi.

Oradan bir kun o‘tib, prezident investitsiya platformalari uchun “qumdon” yaratish to‘g‘risidagi qarorni imzoladi. Uning doirasida, agar mablag‘lar O‘zbekiston hududidagi loyihalarni amalga oshirishga yo‘naltirilsa, qimmatli qog‘ozlar oldi-sotdisi, venchur va pay asosidagi moliyalashtirish uchun maxsus maydonchalardan foydalanishga ruxsat beriladi.

Platformalarga jismoniy va yuridik shaxslar, jumladan, norezidentlar ham sarmoya kiritishi mumkin.

Joriy yilning yanvar oyida ILMA investitsiya platformalari sohasidagi “qumdon” to‘g‘risidagi nizomni tasdiqladi. Hujjatga ko‘ra, bitimlar platforma orqali rasmiylashtiriladigan elektron shartnoma asosida amalga oshiriladi. Ishtirokchilar, investitsiya bitimlari va ular o‘rtasidagi munosabatlar to‘g‘risidagi ma‘lumotlar, shuningdek, ish yozishmalari 5 yil davomida saqlanishi kerak.

Faqat mamlakat hududida joylashgan serverlardan foydalanadigan O‘zbekiston rezidenti bo‘lgan kompaniya investitsiya platformasi operatori bo‘la oladi. “Qumdon” ishtirokchilari har oy ILMAga o‘z faoliyati to‘g‘risida hisobot taqdim etib borishi shart.


Avvalroq Spot UzNIF IPO boshlaganini e‘lon qilgani haqida yozgandi.