Mart oyida milliy valyutadagi bank depozitlari bo‘yicha foiz stavkalari sezilarli darajada pasaydi, deb xabar bermoqda Markaziy bank.

Omonatlarning o‘rtacha daromadliligi fevral oyiga nisbatan 0,9% ga kamayib, yillik 18,1% ni tashkil etdi — bu so‘nggi yillardagi eng past ko‘rsatkichdir. Yillik hisobda esa ko‘rsatkich 0,6% ga kamaygan.

Qisqa muddatli hisobvaraqlar bo‘yicha stavka bir oyda 1,5% bandiga, o‘tgan yilning mart oyiga nisbatan esa 0,9% bandiga pasayib, 16,3% gacha tushdi. Bir yil va undan yuqori muddatli omonatlarning daromadliligi bir oyda 0,4% ga, bir yilda esa 1,5% ga kamayib, 18,9% ni tashkil qildi.

Aholi omonatlari segmentida foiz stavkalari biroz o‘sdi — yillik 20,4−20,5%, ya‘ni fevral oyidagi darajadan 0,1−0,2% ga yuqori. Shu bilan birga, uzoq muddatli so‘m depozitlari bo‘yicha foizlar o‘tgan yilgi darajaga nisbatan qariyb 2% ga kamaydi.

Biroq real ifodadagi stavkalar (inflyatsion kutilmalar chegirib tashlangan holda) o‘tgan yilning noyabridan buyon ilk bor 8,5% ga yetdi. Ko‘rsatkich bir oyda 0,3% ga, bir yilda esa 1,6% ga o‘sdi.

Korporativ omonatlarning daromadliligi keskin pasayib, 15,5% ni tashkil etdi, bu o‘tgan oyga nisbatan 1,8% bandiga, o‘tgan yilga nisbatan esa 0,9% bandiga kamdir. Muddati bir yilgacha bo‘lgan hisobvaraqlar bo‘yicha stavkalar 1% ga kamayib, 14,6% ni tashkil qildi.

Uzoq muddatli segmentda bu ko‘rsatkich 16,3% ga teng bo‘ldi: bir tomondan, bu o‘tgan oyga nisbatan 1,6% bandiga kam bo‘lsa, ikkinchi tomondan, yillik pasayish atigi 0,2% ni tashkil qildi. Real stavkalar o‘tgan bahordan beri birinchi marta 4,4% gacha pasaydi, biroq o‘tgan yilgi ko‘rsatkichdan 1,3% bandiga yuqoriligicha qolmoqda.

Xorijiy valyutadagi omonatlarning o‘rtacha daromadliligi fevral oyiga nisbatan 1% ga kamayib, 3,5% ni tashkil qildi. Ayniqsa, uzoq muddatli segmentda kuchli pasayish qayd etildi — 3,9% gacha.

Aholining valyutadagi depozitlari bo‘yicha daromadlilik deyarli o‘zgarmadi — 5%ni tashkil etdi, bu o‘tgan yilga nisbatan 0,1 foiz punktga yuqori. O‘sish asosan qisqa muddatli omonatlar bo‘yicha stavkalarning 2,9%gacha (+0,1%) oshgani hisobiga ta‘minlandi, uzoq muddatli segmentda esa o‘rtacha ko‘rsatkich yil boshidan beri o‘zgarmay, 5,3% darajasida qolmoqda.

Biznesning valyutadagi depozitlari bo‘yicha stavkalar keskin pasaydi — 2,6%gacha (-1% bir oyda). Bir yildan ortiq muddatli omonatlar daromadliligi deyarli ikki baravar kamayib, qisqa muddatli hisoblar darajasiga yaqinlashdi — mos ravishda 2,7% va 2,3%.

Spot, avvalroq, 2026-yil aprel oyi bo‘yicha banklardagi so‘mdagi eng daromadli omonatlar haqida yozgandi.