Sog‘liqni saqlash vazirligi O‘zbekistonda dori vositalari uchun elektron retseptlarni joriy etish bo‘yicha amaldagi tartibni bekor qilishni rejalashtirmoqda. Tegishli buyruq loyihasi muhokama portaliga joylashtirildi.

Hujjat qabul qilinsa, 2025-yil 15-dekabrda tasdiqlangan elektron retsept tizimini bosqichma-bosqich joriy etish tartibi o‘z kuchini yo‘qotadi. O‘zgartirishlar Adliya vazirligida ro‘yxatdan o‘tkazilib, rasman e‘lon qilingach kuchga kiradi.

Vazirlik matbuot xizmati mazkur loyiha ijtimoiy tarmoqlarda noto‘g‘ri talqin qilinayotganini ma‘lum qildi. Qayd etilishicha, amaldagi tartibda elektron retsept dastlab ayrim toifadagi dorilar uchun joriy etilishi ko‘zda tutilgan edi.

Xususan, birinchi bosqichda tizimli ta‘sirga ega antibiotiklar, sintetik antibakterial va gormonal preparatlar uchun elektron retsept majburiy etib belgilangan.

Yangi loyiha esa Toshkent shahri va tajriba-sinov o‘tkazilayotgan 15 ta hududdagi barcha tibbiyot muassasalari hamda dorixonalarda retsept bilan beriladigan dorilarni to‘liq elektron tizimga o‘tkazishni nazarda tutadi.

Bunda kuchli ta‘sir qiluvchi, tarkibida giyohvandlik vositalari yoki psixotrop moddalar mavjud preparatlar, shuningdek, reimbursatsiya dasturiga oid jarayonlar bundan mustasno bo‘ladi.

Elektron retsept tizimi

2025-yilning 10-dekabridan boshlab Toshkent shahri hamda tajriba-sinov loyihasi amalga oshiriladigan 15 ta tuman va shaharda “Elektron retsept” tizimi joriy etildi. Qolgan hududlarda 2026-yil yakunigacha ishga tushiriladi.

Sog‘liqni saqlash vazirligi tizim bo‘yicha xavotirlarga javoban, ayrim bemorlar zarur dorilar bilan ta’minlanishini hamda retseptsiz beriladigan dori vositalarining bazaviy ro‘yxati shakllantirilganini bildirdi.

Undan keyin vazirlik talab yuqori bo‘lgan 389 ta retseptsiz beriladigan dori vositalari ro‘yxatini taqdim etdi. U bilan havola orqali tanishish mumkin. Dorilarning savdo nomlari bu yerda keltirilgan. Shuningdek, qaysi dori vositalari retsept asosida yoki retseptsiz sotilishini Yagona portal orqali ham bilib olish mumkin.

Tizim serverlari Sog‘liqni saqlash vazirligining Raqamli sog‘liqni saqlash markazi tomonidan 24/7 rejimida kuzatib borilmoqda. Shuningdek, murojaatlar @ssv_pilotbot Telegram boti hamda 1003 qisqa raqamli Call-markaz orqali qabul qilinadi.

Elektron retsept birinchi bosqichda antibiotik va gormonal dorilar uchun majburiy bo‘ldi. Dori vositalari ro‘yxati ijtimoiy xavf va ehtiyojlardan kelib chiqib, Ekspertlar kengashi tomonidan bosqichma-bosqich tasdiqlanadi.

23-dekabr kuni Qonunchilik palatasi majlisida Sog‘liqni saqlash vaziri Asilbek Xudoyorov elektron retsept tizimi dorilarning nojo‘ya ta’siri va asossiz yozib berilishini kamaytirishga qaratilganini, uzilishlar paytida ayrim dorilar shartli ravishda qog‘oz retsept bilan berilishi mumkinligini bildirgandi.


Spot, avvalroq, dorilarni retsept asosida sotish tartibini buzganlik uchun jarimalar oshirilgani haqida yozgandi.