6-may kuni Renessans TV telekanali Toshkentdagi Wendy’s restoranida sanitariya talablari buzilgani haqida lavha efirga uzatdi. Kompaniya undagi ma’lumotlarga qo‘shilmay, ayblovlarni rad etuvchi SES hujjatlarini e’lon qildi, tarmoq bosh direktori esa video murojaat bilan chiqdi.
Lavhada shahar sanitariya-epidemiologiya boshqarmasi axborot xizmati rahbari Jonibek Odiljonov nazorat tadbiri davomida oziq-ovqat mahsulotlarini saqlash qoidalariga amal qilinmagani, xom va pishgan mahsulotlar birga saqlangani, shuningdek, ishlatilgan yog‘ olib chiqilmasdan qayta foydalanilayotgani, tozalash vositalari ovqat yonida saqlanayotgani aniqlanganini ma’lum qildi.
Qayd etilishicha, “qanchadir muddatdan beri tozalanmagan joylar” SES xodimlari kelgandan keyin tozalangan. Korxonaga aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish bo‘yicha tushuntirish berilgan. Reyd sanitariya-epidemiologiya boshqarmasining Mirobod tumani bo‘limi tomonidan Biznes-ombudsman bilan kelishilgan holda o‘tkazilgani aytilgan.
“Iste'mol qilinadigan mahsulotlar va pol artish uchun mo‘ljallangan jihozlar — hammasi bir joyda. Ovqatlanish uchun bu yerga kirgan har bir xo‘randaning ishtahasi ochilishi o‘rniga, bu joylarni ko‘rgandan so‘ng bo‘g‘ilishi aniq. Yog‘lar qayta-qayta ishlatilgani yetmagandek, mana shunday [ochiq] holatda saqlanmoqda. Chiqindilar ham yig‘ilib yotgani — achinarli”, — deyiladi videoreportajda.
Ushbu lavhadan keyin kompaniya ijtimoiy tarmoqlarda har bir ayblovni alohida tahlil qilib, rasmiy izoh berdi.
Xom va pishgan mahsulotlarni bir joyda saqlash haqidagi ayblovga Wendy’s shunday javob berdi: “Bu mutlaqo yolg‘on ma’lumot. Barcha xom mahsulotlar tayyor mahsulotlardan alohida holda va maxsus ajratilgan joylarda saqlanadi”.
Ifloslangan yog‘dan foydalanganlik haqidagi ayblovga kompaniya shunday javob berdi: “Biz hech qachon ifloslangan yog‘dan foydalanmaymiz! Yog‘ni ishlatib bo‘lganda so‘ng, texnik xavfsizlik maqsadida sovushi uchun chelaklarga quyamiz va utilizatsiya qilishga topshiramiz. Restoranlarimizda Henny Penny brendining frityuralari o‘rnatilgan bo‘lib, ifloslangan yog‘dan foydalanilganda uskuna avtomatik ravishda bloklanadi va ushbu yog‘da taom tayyorlashga imkon bermaydi”.
Kimyoviy voistalar bo‘yicha ayblovlarga javoban kompaniya “videoning o‘zida ham kimyoviy vositalar alohida yopiq javonda saqlanishini va mahsulotlar bilan hech qanday aloqada emasligini ko‘rish mumkin”, dedi.
Bundan tashqari, Wendy’s SESning laboratoriya xulosalarini e’lon qildi. Unda burger, lavash, tovuqli naggets va kartoshka fri namunalarida patogen mikroorganizmlar aniqlanmagani va mahsulotlar sanitariya talablariga mos ekani qayd etilgan.
Kompaniya telelavhada tilga olingan tekshiruv xulosasi ham efirdagi ayblovlarga mos kelmasligini bildirdi.
“Ijtimoiy tarmoqlarda tarqatilayotgan ma’lumotlar haqiqatga to‘g‘ri kelmaydi. […] Mahsulotlarimiz sifati bo‘yicha laboratoriya tadqiqotlari natijalari, shuningdek, ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan Mirobod tumani sanitariya-epidemiologiya boshqarmasi tekshiruviga oid xulosa qo‘limizda mavjud” — deyiladi bayonotda.
Shuningdek, O‘zbekistondagi restoranlar tarmog‘i bosh direktori Shohrux Jalilov videomurojaat bilan chiqdi.
“Oxirgi paytlarda brendimizga qarshi qandaydir ta’qiblar bo‘lmoqda — blogerlardan tortib SESgacha”, — dedi u. Jalilov oxirgi vaqtlarda Sanepidqo‘mita tomonidan “juda ko‘plab” tekshiruvlar bo‘lganini ta’kidladi, ulardan biri esa tarqalgan videodagi holat bo‘lgan.


Material e’lon qilingan paytda SES yoki telekanal tomonidan raddiyalar berilmagan.
Avvalroq Spot Dodo Pizza ta’sischisi peshlavhalar buzilishi tufayli 100 mln so‘m daromad yo‘qotganini ma’lum qilgani haqida yozgan edi.

