Trump Mobile kompaniyasi oldindan buyurtma qilingan T1 smartfonlarini shu hafta ichida yetkazib berishni boshlaydi. Bu haqda USA Today nashrining kompaniya bosh direktori Pet O‘Brayenga tayanib xabar berdi.

U rahbari yaqin haftalar ichida avvalroq buyurtma bergan barcha foydalanuvchilar o‘z gadjetlarini qabul qilib olishini tasdiqladi.

O‘Brayen, shuningdek, qurilmalarning birinchi partiyasi AQSH hududida yig‘ilganini va kelajakda “mahalliy ishlab chiqarish” va’dasiga muvofiq amerikalik butlovchi qismlar ulushini oshirish rejalashtirilayotganini ta’kidladi.

Qayd etilishicha, yetkazib berish uzoqqa cho‘zilgan kechikishlar va xaridorlarning noroziligi fonida boshlanmoqda.

Dastlab smartfonni 2025-yilning yozida chiqarish rejalashtirilgan edi, biroq taqdimot sanasi bir necha bor ortga surildi.

Trump Mobile brendi va T1 smartfoni 2025-yil iyun oyida rasman taqdim etilgan edi. Qurilma yirik korporatsiyalarning gadjetlariga muqobil sifatida, Amerika qadriyatlariga urg‘u berilgan holda ishlab chiqilgan.

Narxi $499 bo‘lgan smartfonga oldindan buyurtma berish uchun $100 miqdorida garov puli to‘lash talab etilgan.

Qurilma tilla rangda ishlab chiqariladi va o‘rta narx segmentiga mansub. Smartfon Android operatsion tizimida ishlaydi va Snapdragon protsessori bilan jihozlangan.

Gadjet 120 Gts yangilanish chastotasiga ega 6,78 dyuymli AMOLED-displey, asosiy moduli 50 MP bo‘lgan uchlik kamera hamda sig‘imi 5000 mA·soat bo‘lgan akkumulyator bilan ta’minlangan.


Avvalroq Spot Trampning “oltin viza” dasturiga atigi 338 ta ariza topshirilgani haqida yozgandi.

Qayd etilishicha, Amerika fuqaroligini tezlashtirilgan tartibda olish dasturi hozircha yirik investorlar oqimini jalb qila olmagan.