O‘zbekistonda elektr energiyasi va tabiiy gaz tariflari inflyatsiya darajasidan yuqori miqdorda ko‘tarilishi kutilmoqda. Bu haqda Spot’ga vaziyatdan xabardor manba ma’lum qildi.
Manbaga ko‘ra, hafta oxirigacha Vazirlar Mahkamasining elektr energiyasi va gaz tariflarini indeksatsiya qilish to‘g‘risidagi qarori tasdiqlanishi mumkin. Hujjat hali yakuniy shaklga kelmagan va unga o‘zgartirish kiritilishi ehtimoli bor. Qaror e’lon qilingach, Energetika vazirligi matbuot anjumani o‘tkazishni rejalashtirmoqda.
Dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, tariflar taxminan 10% ga oshishi mumkin. Bu esa 1-may holatiga ko‘ra 7% ni tashkil etayotgan yillik inflyatsiyadan sezilarli darajada yuqori. Shu bilan birga, indeksatsiyaning yakuniy parametrlari hali o‘zgarishi mumkin.
Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 31-martdagi qaroriga muvofiq, 2026-yil 1-yanvardan boshlab aholi uchun elektr energiyasi va tabiiy gaz narxlarini har yili indeksatsiya qilishning yangi tartibi amal qiladi. Indeksatsiya Energetika, Iqtisodiyot va moliya vazirligi hamda Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi takliflari asosida amalga oshirilib, qoida tariqasida, yillik inflyatsiya darajasiga, biroq 10% dan yuqori bo‘lmagan miqdorga bog‘liq bo‘ladi.
Aprel oyida Gazeta.uz energetika sohasidagi manbasiga tayanib, aholi uchun tariflarni yana bir bor qayta ko‘rib chiqish muhokama qilinayotgani haqida xabar bergan edi. Ma’lum qilinishicha, hukumatning iqtisodiy bloki hamda Iqtisodiyot va moliya vazirligi 9−10% darajasida oshirishni taklif qilgan. Agar taklif ma’qullansa, yangi narxlar hujjat imzolanganidan keyin 15 kun o‘tgach kuchga kirishi mumkin.
14-may kuni bakiroo Telegram-kanali muallifi Otabek Bakirov jurnalistlar bilan “energetika sohasidagi tizimli islohotlar, „yashil“ energetikaga o‘tish, yangi quvvatlarni ishga tushirish, tarif mexanizmlarini tushuntirish va energetika sohasida tejamkorlikni ta’minlash” mavzusida “off the record” formatida yopiq muloqot o‘tkazilgani haqida yozdi.
Ilova qilingan skrinshotga ko‘ra, uchrashuvda islohotlarning asosiy yo‘nalishlari, amaldagi tarif mexanizmlari va sohadagi eng dolzarb masalalarni muhokama qilish rejalashtirilgan. Iqtisodchi, shuningdek, 15-may kelganini eslatib, uchrashuv elektr energiyasi va gaz tariflari oshirilishi e’lon qilinishidan oldingi anons bo‘lishi mumkinligini taxmin qildi.
Amaldagi energiya tariflari
2024-yil 1-maydan boshlab bir necha yillik tanaffusdan so‘ng elektr energiyasi va gaz tariflari oshirilgan edi. Oradan roppa-rosa bir yil o‘tib, tariflar yana ko‘tarildi.
Aholi uchun elektr energiyasi tariflari iste’mol hajmiga qarab quyidagicha belgilangan:
- oyiga 200 kVt/soatgacha — 1 kVt/soat uchun 600 so‘m;
- 201 dan 500 kVt/soatgacha — 800 so‘m;
- 501 dan 1000 kVt/soatgacha — 1000 so‘m;
- 1001 dan 5000 kVt/soatgacha — 1500 so‘m;
- 5 001 dan 10 000 kVt/soatgacha — 1750 so‘m;
- Oyiga 10 001 kVt/soat va undan yuqori — 2000 so‘m.
Noyabrdan fevralgacha bo‘lgan isitish mavsumida jismoniy shaxslar uchun tabiiy gaz tariflari:
- oyiga 500 kub metrgacha — kub metri uchun 1000 so‘m;
- oyiga 501 kub metrdan 2500 kub metrgacha — 1800 so‘m;
- oyiga 2 501 kub metrdan 5 000 kub metrgacha — 2100 so‘m;
- oyiga 5 001 kub metrdan 10 000 kub metrgacha — 2500 so‘m;
- oyiga 10 000 kub metr va undan yuqori — 3000 so‘m.
Martdan oktabrgacha bo‘lgan davrda maishiy iste’molchilar quyidagi tariflarni to‘laydi:
- oyiga 100 kub metrgacha — kub metri uchun 1000 so‘m;
- oyiga 101 kub metrdan 2500 kub metrgacha — 1800 so‘m;
- oyiga 2 501 kub metrdan 5 000 kub metrgacha — 2100 so‘m;
- oyiga 5 001 kub metrdan 10 000 kub metrgacha — 2500 so‘m;
- oyiga 10 000 kub metr va undan yuqori — 3000 so‘m.
Avvalroq Spot Behzod Normatov prezident maslahatchisi etib tayinlangani haqida yozgan edi. U davlat rahbarining yoqilg‘i-energetika masalalari bo‘yicha maslahatchisi lavozimida faoliyat olib boradi.