Ferrari o‘zining ilk to‘liq elektr modeli — Luce’ni rasman taqdim etdi. Bu haqda kompaniya rasmiy saytida ma’lum qildi.

Kompaniya elektromobil dizayni ustida Apple kompaniyasining sobiq bosh dizayneri Joni Ayv va sanoat dizayneri Mark Nyusonning LoveFrom studiyasi bilan hamkorlikda ishlagan.

Ferrari Luce to‘rtta — “har bir g‘ildirakka bittadan” — elektr dvigatel bilan jihozlangan bo‘lib, ularning umumiy quvvati 1050 ot kuchiga yetadi. Shuningdek, avtomobilga sig‘imi 122 kVatt-soat bo‘lgan akkumulyator o‘rnatilgan.

To‘liq quvvat bilan yurish masofasi 530 km, 0 dan 100 km/soatgacha tezlanish vaqti 2,5 soniya, 200 km/soatgacha esa 6,8 soniyani tashkil etadi. Maksimal tezligi — 310 km/soat. Avtomobilning vazni — 2260 kg.

Salonni pardozlashda charm, qayta ishlangan alyuminiy, Corning shishalari (masalan, uning qoplamalari iPhone’da ishlatiladi), Samsung Display OLED ekranlaridan foydalanilgan. Audiotizimda 21 ta dinamik va 3000 Vt quvvatga ega 24 kanalli kuchaytirgich mavjud.

Bloomberg nashrining yozishicha, kompaniya motor shovqinini sun’iy ravishda taqlid qilish o‘rniga, orqa o‘qdagi sensor yordamida elektr dvigatellarining “zuvillashi"ni yozib oladi, so‘ngra ovozni qayta ishlaydi va kuchaytiradi.

Kompaniya mexanik tugmalardan voz kechmadi — ular haroratni, o‘rindiqlarni isitishni, avtomobil sozlamalarini va boshqalarni boshqarish uchun mo‘ljallangan.

Sensorli ekrandan iqlim nazorati, multimedia va navigatsiyani yanada batafsil sozlash uchun foydalanish mumkin.

Dastlabki bosqichda avtomobil besh xil rangda va bir nechta salon bezagi variantlarida taqdim etiladi. WSJ nashrining yozishicha, mashinaning Italiyadagi boshlang‘ich narxi 550 ming yevroni tashkil etadi.


Avvalroq Spot Rolls-Royce yangi ikki o‘rinli elektromobilni taqdim etgani haqida yozgandi.

Nightingale deb nomlanadigan uzunligi 5,76 metrni tashkil etadigan modeldan 2028-yildan 100 dona yetkazib berilishi kutilmoqda.