OpenAI 2022-yilda ishga tushirilganidan buyon ChatGPT uchun eng yirik yangilanishni tayyorlamoqda. Bu haqda Financial Times xabar berdi.
Yangilanish doirasida platforma interfeysi jiddiy o‘zgartirilib, u kompaniyaning o‘z sun’iy intellekt xizmatlari va hamkorlarining yechimlariga universal kirish nuqtasiga aylantiriladi.
Yangilangan ChatGPT foydalanuvchilarni OpenAI’ning qo‘shimcha mahsulotlariga, jumladan, sun’iy intellekt agentlari, dasturlash vositalari, tasvir yaratish xizmatlari va uchinchi tomon ilovalariga yanada faolroq yo‘naltirib boradi.
Qayd etilishicha, veb-versiya va mobil ilovalardagi dastlabki o‘zgarishlar yaqin haftalar ichida joriy etila boshlanishi mumkin.
Platformani o‘zgartirish kompaniyani birjada joylashtirishga tayyorlashning bir qismi sifatida ko‘riladi. Taxmin qilinayotgan IPO arafasida OpenAI rahbariyati investorlarga barqaror o‘sish modeli va daromadlilikka erishish istiqbollarini ko‘rsatishga intilmoqda.
Kompaniya ichida ChatGPT tobora ko‘proq mustaqil mahsulot sifatida emas, balki foydalanuvchilarni yanada daromadli xizmatlarga jalb qilishning asosiy kanali sifatida ko‘rilmoqda.
Bunday yechimlardan biri Codex dasturiy kodini ishlab chiqish platformasi bo‘lib, uning auditoriyasi asosan pullik obunachilar bilan ifodalanadi.
FT nashriga ko‘ra, ChatGPT ekotizimiga tashqi hamkorlarning ilovalarini, jumladan Canva va Booking.com'ni ham integratsiya qilish rejalashtirilgan.
Shuningdek, OpenAI kompaniya daromadining qariyb 40 foizini ta’minlaydigan korporativ segmentda o‘z mavqeini mustahkamlashda davom etadi. 2026-yil oxiriga kelib bu ko‘rsatkichni 50% ga yetkazish rejalashtirilgan.
Avvalroq Spot ChatGPT’ning oylik faol foydalanuvchilari soni 1 mlrdga yetgani haqida yozgandi.
Uning o‘sish dinamikasi TikTok, Instagram va YouTube kabi bir qator yirik raqamli platformalardan oshib ketdi.