O‘zbekistonda katta quvvatli ikkinchi atom elektr stansiyasini qurish ehtimoli yuzasidan izoh berildi. Bu haqda 4-iyun kuni Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Atom energiyasi agentligi (O‘zatom) direktori Azim Axmedxo‘jayev OAVga bergan intervyusida ma’lum qildi, deya xabar berdi Spot muxbiri.
Ikkinchi AES qurilishi mumkinligi haqidagi savolga javob berar ekan, agentlik rahbari Jizzax viloyatining Forish tumani “har tomonlama juda istiqbolli maydon” ekanligini qayd etdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, bu yerda ilmiy salohiyatni rivojlantirish uchun ham imkoniyatlar mavjud.
Shundan kelib chiqib agentlik O‘zbekiston Fanlar akademiyasi bilan ilmiy bazani rivojlantirish va zarur hollarda qo‘shimcha texnologiyalarni, jumladan, zamonaviy tadqiqot reaktorlarini jalb qilish istiqbollarini muhokama qilishni rejalashtirmoqda.
“Menimcha, bu allaqachon yetarlicha o‘rganilgan va juda qisqa vaqt ichida qandaydir qo‘shimcha loyihalarni amalga oshirishni boshlash imkonini beradigan eng ideal maydon”, — deya qo‘shimcha qildi Axmedxo‘jayev.
2025-yil dekabr oyida O‘zatom rahbari katta quvvatli ikkinchi AES qurilishi mumkinligini aytgan, biroq o‘sha paytda uni amalga oshirish bo‘yicha aniq rejalar yo‘qligini ta’kidlagan edi. Shu bilan birga, Jizzax viloyatidagi maydon yana ikkita yirik energoblokni joylashtirish imkonini beradi.
5-iyun kuni Sankt-Peterburg xalqaro iqtisodiy forumining yalpi majlisida Shavkat Mirziyoyev Rossiya bilan hamkorlikda O‘zbekistonda yangi atom elektr stansiyalarini qurish rejalashtirilayotganini ma’lum qildi. Prezidentning ta’kidlashicha, mamlakatda elektr energiyasiga bo‘lgan talab yaqin 10 yilda ikki baravar oshishi kutilmoqda, shu bois atom energetikasini rivojlantirish strategik ahamiyatga ega.
Davlat rahbari integratsiyalashgan AES qurilishi bu yo‘nalishdagi so‘nggi loyiha emasligini bildirib, kelgusida ham yangi atom stansiyalari barpo etilishi, buning uchun zarur kadrlar va ilmiy baza shakllantirilganini qayd etdi.
Avvalroq Spot O‘zatom direktori O‘zbekistonda AES elektri narxi kVt/soat uchun 1000 so‘mdan past bo‘lishini ma’lum qilgani haqida yozgan edi.