O‘zbekiston Italiya bilan Samarkand Express loyihasini muvofiqlashtirish bo‘yicha kelishuvga erishdi. Bu haqda Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi matbuot xizmati xabar berdi.

16-iyun kuni Toshkent xalqaro investitsiya forumi doirasida uch tomonlama hadli bitim imzolandi. Unda Arsenale International kompaniyasi bosh direktori Raffaele Breski, jamg‘arma raisi Gayane Umerova va O‘zbekiston temir yo‘llari boshqaruv raisining birinchi o‘rinbosari Xikmatulla Raxmetov ishtirok etdi.

Hujjat O‘zbekistonning madaniy va turizm salohiyatini rivojlantirishga qaratilgan loyihani muvofiqlashtirish va amalga oshirish mexanizmlarini belgilaydi. Qayd etilishicha, Samarkand Express Markaziy Osiyodagi birinchi lyuks poyezd bo‘ladi.

Hashamatli poyezd Toshkent, Samarqand, Buxoro va Xivani bog‘lab, xalqaro sayyohlar uchun mamlakat tarixiy va Buyuk Ipak yo‘li yo‘nalishlari bilan tanishishning yangi shaklini yo‘lga qo‘yadi.

2023-yilning iyul oyi oxirida Italiya kompaniyasi bilan temir yo‘l sohasini rivojlantirish bo‘yicha muhokamalar olib borilgandi. Yevropadan Kavkaz orqali, Rossiya orqali, O‘zbekiston orqali Xitoyga tezyurar sayyohlik poyezdi qatnovini yo‘lga qo‘yish rejalashtirilayotgani ta’kidlangandi. O‘sha yilning oktabrida Arsenale Group O‘zbekistonda hashamatli poyezdlarni qurishi ma’lum bo‘ldi.

2024-yilning may oyida o‘tkazilgan uchinchi TXIF doirasida kompaniya bilan O‘zbekiston temir yo‘llari o‘rtasida umumiy loyihalar doirasida aloqalarni yaxshilashga qaratilgan shartnoma imzolandi.

Avvalroq Spot O‘zbekiston 10 ta elektropoyezd xarid qilish bo‘yicha muzokaralar olib borayotgani haqida yozgan edi.