AQSH Federal zaxira tizimi (FZT) 16−17 iyun kunlari bo‘lib o‘tgan yig‘ilish yakunlariga ko‘ra, asosiy foiz stavkasini yillik 3,5−3,75% oralig‘ida saqlab qoldi.
Qaror bozor kutilmalariga mos keldi va pul-kredit siyosati shartlarini o‘zgartirmagan holda ketma-ket to‘rtinchi yig‘ilish bo‘ldi.
Amerika regulyatori o‘z bayonotida iqtisodiyot Yaqin Sharqdagi vaziyat bilan bog‘liq noaniqlik saqlanib qolganiga qaramay, barqaror o‘sishda davom etayotganini ta’kidladi. Mehnat bozori barqaror bo‘lib qolmoqda, biroq inflyatsiya hali ham maqsadli 2% dan yuqori.
Shu bilan birga, FZT makroiqtisodiy prognozlarni qayta ko‘rib chiqdi. 2026-yil uchun AQSH yalpi ichki mahsuloti o‘sishi kutilmalari 2,4% dan 2,2% ga tushirildi, inflyatsiya prognozi esa 2,7% dan 3,6% ga ko‘tarildi. Kelgusi yil uchun bazaviy inflyatsiya prognozi avvalgi 2,7% dan 3,3% gacha oshirildi.
FZTning yangilangan choraklik prognozlariga ko‘ra, regulyatorning o‘n to‘qqiz nafar rahbaridan to‘qqiz nafari yil oxirigacha foiz stavkasining oshishini, sakkiztasi esa uning hozirgi darajada qolishini kutmoqda.
Faqat bitta ishtirokchi stavkani pasaytirishga ruxsat beradi. Shunday qilib, so‘nggi oylarda birinchi marta FZT vakillarining aksariyati siyosatni yumshatishni asosiy ssenariy sifatida ko‘rib chiqmayapti.
Yig‘ilishning yangi elementi Federal zaxira tizimining kommunikatsiya siyosatini o‘zgartirish bo‘ldi. Regulyatorning bayonoti avvalgi versiyalardan ancha qisqaroq bo‘lib chiqdi va bozor ilgari siyosatni yumshatish uchun signal sifatida talqin qilgan ta’riflardan mahrum bo‘ldi.
FZT raisi Kevin Uorshning aytishicha, regulyator kelajakdagi qarorlar bo‘yicha dastlabki mo‘ljallarga emas, balki iqtisodiy vaziyatni haqiqiy baholashga e’tibor qaratmoqchi.
Bozorlar yig‘ilish natijalariga siyosatning tez orada yumshatilishi kutilmalarining pasayishi bilan munosabat bildirdi. Qaror e’lon qilingach, Amerika fond indekslari va oltin bosim ostida qoldi, dollar va g‘aznachilik obligatsiyalarining daromadliligi esa oshdi.
Rahbariyatning o‘zgarishi
Iyun oyidagi yig‘ilish Kevin Uorsh uchun Federal zaxira raisi lavozimidagi birinchi yig‘ilish bo‘ldi. U 2018-yildan beri Amerika regulyatorini boshqargan Jerom Pauell o‘rniga 22-may kuni AQSH Senati tomonidan tasdiqlanganidan so‘ng rasman o‘z lavozimiga kirishdi.
Uorshning tayinlanishi prezident Donald Trampning Federal zaxira tizimini uzoq vaqt davomida tanqid qilishi fonida yuz berdi, u regulyatorni foiz stavkalarini tezroq pasaytirishga bir necha bor chaqirgan.
Yangi rahbarning dastlabki qarorlariyoq regulyator ishiga yondashuvlar o‘zgarayotganini ko‘rsatmoqda. Uorsh kommunikatsiya yondashuvlarini qayta ko‘rib chiqish, iqtisodiy ma’lumotlardan foydalanish, FZT balansini boshqarish va inflyatsiya jarayonlarini tahlil qilish bo‘yicha ishchi guruhlar tuzilganini e’lon qildi.
Shu bilan birga, regulyator rahbarining o‘zi foiz stavkasi bo‘yicha shaxsiy prognozini e’lon qilishdan bosh tortib, bunday mo‘ljallar pul-kredit siyosatini yuritishga har doim ham yordam beravermasligini ta’kidladi.
Avvalroq Spot O‘zbekiston Markaziy banki asosiy stavkani 14% darajasida o‘zgarishsiz qoldirgani haqida yozgandi.