TXIF-2026 doirasida Toshkentning yangi xalqaro aeroportini qurish va kelgusida foydalanish bo‘yicha davlat-xususiy sheriklik to‘g‘risidagi bitim imzolandi. Bu haqda Uzbekistan Airports matbuot xizmati xabar berdi.

Hujjatni imzolashda Saudiya Arabistonining Vision Invest kompaniyasi boshchiligidagi Yaponiyaning Sojitz Corporation, Koreyaning Incheon International Airport Corporation kompaniyalari kiruvchi xalqaro konsorsium ishtirok etdi.

Transport vazirligining qayd etishicha, shartnomaga muvofiq yangi aeroport 35 yil muddatga (taxminan 2065-yilgacha — Spot) tashqi boshqaruvga beriladi.

Kelishuvga qadar xalqaro moliya institutlari talablariga muvofiq ekologik va ijtimoiy baholashlar o‘tkazildi, DXSH bitimi ishlab chiqildi, muhandislik kommunikatsiyalarini ko‘chirish bo‘yicha loyiha hujjatlari tayyorlandi hamda bo‘lajak aeroport hududini hozirlash ishlari boshlandi.

Yangi aeroport Toshkent viloyatining O‘rta Chirchiq va Quyi Chirchiq tumanlaridagi umumiy 1310 gektar maydonda joylashadi. Dastlabki bosqichda loyihaga qariyb $3 mlrd xorijiy investitsiyalar jalb qilinadi.

Uning doirasida har birining uzunligi 4 km bo‘lgan ikkita uchish-qo‘nish yo‘lagi, 208 ming kv.metr maydonga ega yo‘lovchi terminali, havo kemalari uchun 98 ta to‘xtash joyi, yoqilg‘i quyish majmuasi va havo harakatini boshqarish dispetcherlik minorasi qurilishi ko‘zda tutilgan.

2030-yil oxirida foydalanishga topshirilishi mo‘ljallangan aeroport yiliga 20 mln, kelgusida esa 46 mln yo‘lovchiga xizmat ko‘rsatish imkoniyatiga ega bo‘ladi. Shuningdek, 300 ming tonnagacha yuk tashiladi.

Yo‘lovchilarga qulayliklar yaratish va ularning xavfsizligini ta’minlash maqsadida yangi terminalda yangi axborot texnologiyalariga asoslangan tezkor ro‘yxatdan o‘tkazish, xavfsizlikni ta’minlash va yukni qayta ishlash tizimlari joriy etiladi.

Shuningdek, yo‘lovchilar oqimini tez va qulay tarzda yo‘naltirish uchun jami 40 dan ortiq teleskopik traplar hamda 160 dan ortiq havo kemalari turargohlari tashkil etiladi.

“Toshkentning yangi xalqaro aeroporti o‘nlab yillar davomida yo‘lovchi va yuk tashishning o‘sib borayotgan ehtiyojlarini qondira oladigan zamonaviy texnologik aviatsiya xabiga aylanadi. Yetakchi xalqaro kompaniyalar bilan hamkorlik tufayli biz nafaqat sarmoya, balki eng so‘nggi texnologiyalardan foydalangan holda dunyodagi eng yirik aeroport majmualarini loyihalash, qurish va boshqarish bo‘yicha noyob tajribaga ega bo‘lamiz”, — dedi Uzbekistan Airports boshqaruvi raisi Javlonbek Umarxodjayev.

Bitimga ko‘ra, konsorsium yo‘lovchi terminali va vokzal atrofi maydonini qurish va keyinchalik ekspluatatsiya qilishni, davlat sherigi esa aerodrom majmuasini qurish va ekspluatatsiya qilishni o‘z zimmasiga oladi.

Tasdiqlangan jadvalga muvofiq, joriy yilning iyun oyida muhandislik tarmoqlarini ko‘chirishni boshlash, hududni tayyorlashni yakunlash va bosqichma-bosqich qurilish ishlarini boshlash rejalashtirilgan.

Avvalroq Spot Yangi Buxoro aeroportini qurish bo‘yicha tenderning birinchi bosqichi yakunlangani haqida yozgan edi.