Flowtica kompaniyasi tashqi ko‘rinishidan oddiy ruchkadan farq qilmaydigan, ichi esa neyrotarmoqqa ulangan mini-diktofon kabi tuzilgan gadjetni taqdim etdi.

Scribe deb nom olgan ushbu qurilmaning asosiy xususiyati — odatiy qo‘lda yozish jarayonini atrofdagi tovushlarni fonda yozib olish bilan birlashtirganidir.

Korpusi metalldan yasalgan, 0,5 va 0,7 mm li sterjenlari bor, siyohini esa istalgan oddiy yozuv anjomiga o‘xshab to‘ldirish mumkin. Texnikaning hech qanday tashqi alomatlari ko‘rinmaydi: na simlar, na displeylar, na boshqaruv tugmalari.

Ovozni qabul qilish uchun 5 metrgacha masofadagi nutqni ilg‘ay oladigan kichik o‘lchamli MEMS-mikrofon javobgar.

Barcha audiofayllar to‘g‘ridan-to‘g‘ri 32 gigabaytlik ichki xotiraga saqlanadi, shu bois suhbat vaqtida internetga ulanish shart emas.

Qurilma quvvati 30 soatlik ishga yetadi, agar quvvatlash uchun maxsus g‘ilof xarid qilinsa, bu ko‘rsatkich elektr manbaisiz 100 soatgacha uzayadi.

Ovozning o‘zi bevosita qurilmada emas, balki mobil ilovada qayta ishlanadi. Smartfon bilan sinxronlashtirilgach, audioyozuvlar matnli shaklga o‘giriladi va uchrashuv yakunlari bo‘yicha qisqa xulosalarga aylantiriladi. Ilova 39 ta tilni qo‘llab-quvvatlaydi hamda iOS va Android tizimlarida ishlaydi.

Korpusdagi FlowMark tugmasi alohida funksiyaga ega. Suhbat paytida uni bossangiz, suhbatning ma’lum bir joyiga belgi qo‘yiladi. Bu esa keyinchalik butun yozuvni eshitib o‘tirmasdan, umumiy stenogrammadan muhim qaror yoki topshiriqni tezda topish imkonini beradi.

Ilova audiodan tashqari, qo‘lyozma sahifalar, taqdimot slaydlari va yozuvlar bilan to‘ldirilgan doskalar suratlarini ham qabul qila oladi. Bularning barchasi tegishli suhbatga biriktirilib, uning matnli shakli bilan birga saqlanadi.

Qurilma hozirda ikki xil rangda — to‘q kulrang va kumushrang-kulrang tusda sotilmoqda. Boshlang‘ich to‘plam $159 bo‘lib, unga aksessuarning o‘zi, zaryadlash kabeli va yigirmata siyohli o‘zak kiradi. $209 lik kengaytirilgan to‘plam esa zaryadlash g‘ilofi va uch oylik premium tarif obunasi bilan to‘ldirilgan.

Obuna sun’iy intellekt yordamida qayta ishlanadigan suhbatlar hajmini belgilab beradi. Qurilma egalariga oyiga 300 daqiqa bepul taqdim etiladi. $14,90 lik tarif cheklovni 1200 daqiqagacha oshirsa, cheksiz tarif har oy uchun $29,90 ga tushadi.


Avvalroq Spot savodxonlikni oshirish uchun aqlli ruchka ishlab chiqilgani haqida yozgandi.

Qayd etilishicha, u ruchka yoki qalamga biriktiriladigan kichik gadjet bo‘lib, ekranida so‘zning to‘g‘ri yozilishi va harfma-harf to‘g‘ri yozishni ko‘rsatadigan animatsiya paydo bo‘ladi.