Telegram vaqtinchalik bloklangandan so‘ng Hindistondagi Google Play’da yana paydo bo‘ldi. Bu haqda The Times of India yozmoqda.
Messenjer 16-iyundan 22-iyungacha mamlakatda ishlamadi. Hindiston hukumati NEET-UG tibbiy imtihonlari savollari sizib chiqqani sababli Telegram’ga kirishni cheklab qo‘ydi. Sinovlar 21-iyunga ko‘chirilishi talabalarning ommaviy noroziliklariga sabab bo‘ldi.
Cheklovlar yakunlangach, Google Hindistondagi Google Play do‘konida Telegram faoliyatini qayta tikladi. The Times of India nashrining xabar berishicha, iPhone foydalanuvchilari ilovaning App Store’ga qaytishini biroz kutishlariga to‘g‘ri keladi.
Telegram’ning vaqtincha bloklangani Milliy test agentligi tavsiyasi bilan izohlandi. Agentlikka ko‘ra, messenjerning o‘ziga xos ishlash xususiyatlari imtihonlar bilan bog‘liq qoidabuzarliklarning tezkor oldini olishni qiyinlashtirgan.
Pavel Durovning ta’kidlashicha, bloklanish “imtihon materiallarini oshkor qilgan insayderlarga emas”, balki 150 mln oddiy foydalanuvchiga ta’sir qilgan.
Oradan bir necha kun o‘tib, Telegram Hindiston raqamlariga ega foydalanuvchilar uchun xabarlarni tahrirlash funksiyasini o‘chirib qo‘ydi.
Bu Hindiston Elektronika va axborot texnologiyalari vazirligining farmoyishiga binoan amalga oshirildi. Rasmiylarning fikricha, ushbu funksiyadan kirish imtihonlari biletlarining sizdirilgani haqidagi “dalil"larni o‘tgan sana bilan soxtalashtirish uchun ommaviy firibgarlik yo‘lida foydalanilgan.
Telegram Hindiston hukumatining messenjerni mamlakat hududida vaqtincha bloklash to‘g‘risidagi qarorini bekor qilish talabi bilan Dehli Oliy sudiga murojaat qildi, biroq sud bloklashni qonuniy deb topdi.
Shu bilan birga, Hindistonda Telegram’ning vaqtincha bloklanishi VPN xizmatlari va muqobil muloqot ilovalariga bo‘lgan talabning keskin oshishiga olib keldi.
Avvalroq Spot Telegram kontent ijodkorlari uchun mukofot jamg‘armasi $200 minglik tanlov e’lon qilgani haqida yozgandi.
Qayd etilishicha, ulardan raqamli erkinlik mavzusini targ‘ib qilishga yordam beradigan video yaratishlari talab etiladi.