Avvalroq prezident raisligida qurilish materiallari tarmog‘ida amalga oshirilayotgan ishlar va kelgusidagi ustuvor vazifalar yuzasidan videoselektor yig‘ilishi o‘tkazilgani haqida xabar berilgandi.

Mamlakatda sement, bazalt, oyna, keramik plita kabi mahsulotlar bo‘yicha yaratilgan quvvatlar 2035-yilgacha bo‘lgan ehtiyojlarni qoplashga ham yetishi aytildi.

Endi investorlarni bunday mahsulotlarni ko‘paytirishga emas, mavjud quvvatlarni modernizatsiya qilib, yuqori qo‘shilgan qiymat beradigan loyihalarga jalb qilish kerakligi qayd etildi.

Masalan, Forishdagi bazalt tolasi zavodining yonida bazalt matosi ishlab chiqarish quvvatlari joylashtirilmoqda. Hozir 1 tonna bazalt tolasi $340 bo‘lsa, bazalt matosining tonnasi $900 ni tashkil etadi.

Yoki bizda asosan 400, 500 markali sement ishlab chiqariladi. Hozir faoliyati to‘xtagan 17 ta sement zavodini investorlar bilan bog‘lab, maxsus sement ishlab chiqarishga o‘tkazsa, xaridor ham, eksport ham bo‘ladi.

Mutasaddilarga alohida dastur tasdiqlab, yil yakunigacha past quvvatda ishlayotgan kamida 50 ta qurilish materiallari korxonalariga investor olib kelish topshirildi.

Qurilish materiallari sohasidagi korxonalarga sertifikat olish bilan bog‘liq barcha xarajatni to‘liq qoplab beradigan tizim mavjudligi, bu kabi imkoniyat boshqa birorta tarmoqda yo‘qligi taʼkidlandi.

Lekin bunday sertifikatlarning yagona ma‘lumotlar bazasi yo‘qligi uchun xaridorlar o‘zi bilgan, xalqaro sertifikati bor chet el tovarlarini ko‘proq xarid qilmoqda.

Mutasaddilarga mahalliy va xorijiy sertifikati bor qurilish materiallarining elektron platformasini ishga tushirish, viloyat hokimlari bilan birga shu yil yana kamida 50 ta qurilish materiali korxonasiga xalqaro sifat sertifikati olishda ko‘maklashish topshirildi.

Yig‘ilishda joriy yilda qurilish materiallari sohasida $11 mlrdlik 900 dan ortiq yangi loyihani boshlash hamda $3,2 mlrdlik 622 ta loyihani ishga tushirish vazifasi belgilandi.

Shuningdek, 21 ming yangi ish o‘rni yaratish, ishlab chiqarish hajmini 65 trln so‘mdan oshirish, eksportni esa $1,5 mlrdga yetkazish rejalashtirilmoqda.

Spot, avvalroq, qurilish materiallari ishlab chiqaruvchilariga energiya tejamkor uskunalar uchun kompensatsiya berilishi haqida yozgandi.