Asilbek Abdiyev 2002-yilda Toshkentda tug‘ilgan. Boshlang‘ich ta’limni poytaxtdagi 190-sonli maktabda olgan. 2024-yilda Toshkentdagi xalqaro Amity universitetining axborot texnologiyalari yo‘nalishini tamomlagan.
Hozirda u Turkiya Bursları grant dasturi asosida Turkiyaning Istanbul shahridagi Yildiz texnika universitetida kiberxavfsizlik va kriptografiya yo‘nalishi bo‘yicha magistratura bosqichining 1-kursida tahsil olmoqda.
U Spot’ga Turkiyadagi ta’lim tizimi, talabalar uchun yaratilgan imkoniyatlar, yashash xarajatlari, moslashish jarayoni hamda grant dasturi orqali o‘qish tajribasi haqida gapirib berdi.
Nima sabab Turkiya?
Aslida, Turkiyada o‘qish dastlab rejalarimda yo‘q edi. Asosiy e’tiborimni Yevropadagi Erasmus Mundus dasturlariga, xususan, kiberxavfsizlik yo‘nalishidagi CYBERUS va CyberMACS'ga qaratgandim.
Shu bilan birga, dunyo reytingida top-250 talikka kiruvchi Yangi Zelandiyaning Vaykato universitetidan ham 45% lik grant yutganman. Ochig‘i, Yangi Zelandiyaga o‘qishga kirish men tasavvur qilganchalik qiyin bo‘lmadi. Lekin negadir u davlatni dunyodan ancha uzoqda joylashgan, biroz ajralib qolgan oroldek tasavvur qilardim.
Mamlakatning ijobiy tomonlari juda ko‘p bo‘lsa-da, masofa uzoqligi sabab unchalik jiddiy qabul qilmaganman. Oilam esa “Qaysi qarorni o‘zing to‘g‘ri deb bilsang, biz seni qo‘llab-quvvatlaymiz”, deb tanlovni o‘zimga qoldirishgan.
Foto: Asilbek Abdiyev shaxsiy arxividan
Shuningdek, Vengriyadagi universitetlarga ham hujjat topshirganman va ayrimlaridan qabul xati olganman. Jumladan, Seged universiteti hamda Obuda universitetiga qabul qilingan edim.
Turkiya Bursları va uning imkoniyatlari
Turkiya Bursları — nafaqat turkiy davlatlar, balki butun dunyo yoshlari uchun Turkiyada to‘liq moliyalashtirilgan ta’lim olish imkonini beruvchi nufuzli davlat grant dasturidir.
Dasturga hujjat topshirish har yili 10-yanvardan 20-fevralgacha davom etadi. Arizalar faqat Turkiya Bursları platformasi orqali qabul qilinadi.
Tizim sodda va tushunarli bo‘lib, barcha jarayonlarni onlayn tarzda mustaqil bajarish mumkin. Asosiy hujjatlar quyidagilar:
- CV — nomzodning tarjimai holi;
- motivatsion xat — eng muhim hujjatlardan biri bo‘lib, unda maqsad va dastur tanlash sabablari yoritiladi;
- tavsiyanomalar — professor yoki ish beruvchilar tomonidan yozilib, nomzodning salohiyatini tasdiqlaydi;
- diplom va transkript — ta’lim bosqichiga qarab topshiriladi;
- til sertifikati — odatda IELTS talab qilinadi. Minimal ball rasmiy belgilanmagan bo‘lsa-da, amalda bakalavr uchun kamida 5,5, magistratura va PhD uchun esa 6,5 ball tavsiya etiladi. Turk tilini bilish majburiy emas.
Ariza topshirishda esa 12 tagacha universitetni tanlash mumkin. Grantni qo‘lga kiritgan talabalar esa universitetga qo‘shimcha kirish imtihonlarisiz to‘g‘ridan-to‘g‘ri qabul qilinadi.
Hujjatlar saralangach, intervyu uchun chaqiruvlar odatda may oyida yuborilib, suhbatlar nomzod yashaydigan hududga yaqin joylarda o‘tkaziladi. Masalan, men Toshkentdagi turk litseyida suhbatdan o‘tganman.
Intervyu o‘zbek, turk yoki ingliz tilida bo‘lishi mumkin. Suhbat odatda nomzodning maqsadlari, tanlagan yo‘nalishi va kelajak rejalari haqida bo‘ladi. Ingliz tilida suhbat topshirilsa ham, turk tilida oddiy tanishtiruv jumlalarini bilish ijobiy taassurot qoldiradi.
Foto: Asilbek Abdiyev shaxsiy arxividan
Grant tasdiqlangach, turk tilini bilmaydigan talabalar uchun bir yillik bepul TÖMER kursi taqdim etiladi.
Agar qabul ikkinchi yoki uchinchi tanlovdan kelsa, bu yuqoriroq tanlovlarga qabul bo‘lmaganini anglatadi. Grant yutgan talabalar universitetga qo‘shimcha kirish imtihonisiz qabul qilinadi.
Grant nimalarni qoplaydi? Turkiya Burslari granti quyidagilarni to‘liq qoplaydi:
- to‘liq o‘qish xarajatlari;
- oylik stipendiya;
- yotoqxona;
- tibbiy sug‘urta;
- bir yillik turk tili kursi (TÖMER);
- bir martalik borish va qaytish aviachiptasi.
Grant natijalari odatda avgust oyining boshlarida e’lon qilinadi.
Merit Scholarship: bu grant haqida hali ko‘pchilik bilmaydi
Bakalavr bosqichi uchun Merit Scholarship tizimi ham mavjud. Bu grant alohida yutuqlarga ega talabalar uchun mo‘ljallangan bo‘lib, oddiy bakalavr grantiga nisbatan ko‘proq imkoniyatlarni taqdim etadi. Nomzodning sertifikatlari, volontyorlik faoliyati, jamoat ishlari va loyihalardagi ishtiroki kuchli bo‘lsa, uni qo‘lga kiritish ehtimoli yuqori bo‘ladi.
Ushbu grant sohiblari oddiy bakalavr talabalariga qaraganda deyarli ikki barobar ko‘proq stipendiya oladi, ayrim hollarda esa bu summa hatto PhD stipendiyasidan ham yuqori bo‘lishi mumkin.
Biroq bu grant faqat moddiy rag‘bat emas talaba yuqori akademik natijalarni doimiy saqlab turishi kerak. O‘zlashtirish pasaysa, stipendiya oddiy bakalavr darajasiga tushirilishi mumkin.
Qiziq jihati shundaki, bu tizim haqida ko‘pchilik bilmaydi. Merit Scholarship alohida dastur bo‘lib, u oddiy bakalavr granti bilan bir xil TBBS tizimi orqali, har yilning 10-yanvar — 20-fevral oralig‘ida topshiriladi. Tanlov natijasida eng yuqori ko‘rsatkichli nomzodlargina Merit darajasida qabul qilinadi.
Viza olish jarayoni
Qabul qilinganlik xati kelgach, grant tashkiloti keyingi bosqichlar bo‘yicha aniq yo‘riqnoma yuboradi. O‘zbekiston fuqarolari Turkiyaga vizasiz kirishi mumkin bo‘lsa-da, o‘qish maqsadida borayotgan talabalar uchun 3 oylik maxsus talaba vizasini olish talab etiladi.
Jarayonning birinchi bosqichida diplom, baholar varaqasi va pasport turk tiliga tarjima qilinib, notarial tasdiqlanadi. Shuningdek, sog‘liq to‘g‘risidagi ma’lumotnoma ham talab etiladi. Maxsus shakl asosida tibbiy ko‘rikdan o‘tilib, unda ko‘rsatilgan tahlillar topshiriladi. Hujjatda shifokor imzosi va muhr bo‘lishi shart.
Foto: Asilbek Abdiyev shaxsiy arxividan
Ikkinchi bosqichda Turkiya elchixonasiga murojaat qilinib, barcha hujjatlar tekshiruvdan o‘tkaziladi. Elchixona ularni tasdiqlab, maxsus muhr qo‘yadi: xizmat uchun taxminan $11 to‘lanadi. Viza to‘lovi esa grant egalari uchun bepul hisoblanadi.
Shundan so‘ng ariza topshirish jarayoni viza markazida davom etadi. Viza odatda 4−7 kun ichida tayyor bo‘ladi. Hujjatlarni topshirishda barcha tafsilotlarga e’tibor berish, tarjima va muhrlarning to‘g‘riligini oldindan tekshirish muhim hisoblanadi.
Moslashish davri
Moslashish davri men uchun unchalik qiyin kechmagan. Chunki avval ham xalqaro muhitda tahsil olganman va “Work and Travel” dasturi orqali 4 oy davomida AQShda yashab, yangi akademik hamda ijtimoiy muhit tajribasiga ega bo‘lganman.
Ilk kunimdayoq bu yerdagi tartib va tashkilotchilik e’tiborimni tortdi. Aeroportda “Turkiya Burslari” talabalari uchun maxsus kutib olish stendlari tashkil etilib, yangi kelgan talabalar yotoqxonalarga bepul avtobuslar orqali yetkazildi.
Eng katta taassurotlardan biri esa yotoqxona hayoti bo‘ldi. Xonamizda Misr, Qozog‘iston, Gvatemala va O‘zbekistondan kelgan talabalar birga yashardik. Turli qit’a va madaniyat vakillari bilan bir xonada yashash menga haqiqiy xalqaro muhitni his qilish imkonini berdi.
Albatta, xorijiy talabalar uchun ayrim byurokratik jarayonlar ham mavjud. Jumladan, mamlakatga kelgach yashash ruxsatnomasi “kimlik"ni rasmiylashtirish talab etiladi. Bu jarayon ba’zan vaqt olishi mumkinligi sababli hujjatlarni oldindan tayyorlab qo‘yish maqsadga muvofiq.
Qanday qiziqarli voqealar bo‘lgan?
Turkiyaga birinchi kelgan paytlarimda qiziq holat bo‘lgan: ovqat olayotganda sotuvchi “qo‘shib beraymi?” degandek ishora qilgan, men esa tushunmay boshimni biroz ko‘targanim uchun u buni rad javobi deb o‘ylab, qo‘shmasdan bergan.
Turk do‘stlarimga o‘zbek taomlarini ham tanishtirdim. Manti, somsa, sho‘rva va ayniqsa palov ularga juda yoqib, o‘zbek oshxonasiga katta qiziqish uyg‘otdi.
Eng esda qolarli holatlar esa kundalik muloqotda yuz beradi. Ba’zan bitta so‘z yoki talaffuz butun ma’noni o‘zgartirib, kulgili vaziyatlarga sabab bo‘ladi. Masalan, bir tanishimiz avtobusda “tushadigan odam bor” ma’nosidagi “inecek var” deyishni istab, adashib “inek” — ya’ni “sigir” deb yuborgan. Bu esa butun avtobusdagilarning kulgisiga sabab bo‘lgan.
Hayron qoldirgan narsalar
Turkiyada meni hayratga solgan jihatlardan biri bu xalqning kuchli vatanparvarlik tuyg‘usi bo‘ldi. Turk xalqining o‘z bayrog‘i va davlatiga bo‘lgan hurmati juda yuqori. Ko‘chalarda yurganingizda xonadonlar peshtoqidan tortib osmono‘par binolar va hatto tog‘ cho‘qqilarigacha hilpirab turgan ulkan bayroqlarni ko‘rishingiz mumkin. Ularning har bir so‘zi va harakatida “Biz turkmiz, Turkiya buyuk davlat”, degan ruh sezilib turadi. Bu ular uchun oddiy shior emas, balki hayot tarzidir.



Foto: Asilbek Abdiyev shaxsiy arxividan
Yana tarixiy obidalarga bo‘lgan yuksak e’tibor. Mamlakatda tarixiy meros nafaqat asrab-avaylanadi, balki u butun dunyoga namoyish etilib, undan samarali foydalaniladi. Har bir yodgorlik ehtiyotkorlik bilan saqlanadi va bu xalqning o‘z tarixiga bo‘lgan chuqur hurmatini ko‘rsatadi.
Turk xalqining emotsional va ochiq xarakteri ham e’tiborga loyiq. Ya’ni ularning hayot tarzi xuddi turk seriallaridagidek: dramatik, jonli va hissiyotlarga boy.
Tabiati jihatidan ham mamlakat juda boy go‘zal. Uchta dengiz bilan o‘ralgan bu hududda tog‘lar, o‘rmonlar va turli iqlim zonalari mavjud. Yana bir ma’lumot barcha metro stansiyalarida bepul Wi-Fi xizmati yo‘lga qo‘yilgan. Bu yo‘lovchilar uchun juda katta qulaylik, chunki yer ostida ham doim aloqada bo‘lish imkonini beradi.
Yashash xarajatlari
Grant asosida o‘qilganda asosiy xarajatlar davlat tomonidan qoplanadi. Kontrakt talabalar esa xarajatlarni oldindan rejalashtirishi kerak. Stipendiya miqdori bosqichga qarab farq qiladi:
- bakalavriat — $140;
- magistratura — $206;
- PhD — $282.
Stipendiya kundalik xarajatlarning bir qismini qoplaydi. Yotoqxona narxi odatda oyiga $300 dan boshlanadi, biroq grant talabalari uchun bepul. Kvartira tanlansa, qo‘shimcha $170 beriladi. Bu imkoniyat faqat Magistratura va PhD bosqichidagi talabalar uchun amal qiladi. Bakalavr bosqichida esa talabalar yotoqxonada istiqomat qilishga majbur.
Ijara shartnomalari ko‘pincha o‘zgarmaydi, ammo bozor narxlari vaqt o‘tishi bilan oshib boradi. Qishda “kombi” tizimi sabab kommunal xarajatlar o‘rtacha $35-$40 gacha yetishi mumkin. Universitet oshxonasida $1,5 evaziga to‘liq ovqat birinchi, ikkinchi taom, salat, shirinlik va ayron taqdim etiladi. Yotoqxonalarda esa ish kunlari 2 mahal, dam olish kunlari 3 mahal ovqat beriladi.
Transport tizimi rivojlangan: metro va avtobuslar orqali tez harakatlanish mumkin. Talaba transport kartasi oyiga $14-$15 bo‘lib, 200 martagacha foydalanish imkonini beradi va faqat shaxsiy foydalanish uchun mo‘ljallangan.
Turkiyada ta’lim
Turkiya stipendiya dasturining maqsadi talabaga akademik bilim bilan birga turk tili va madaniyatini ham o‘rgatishdir. Shu sababli dastlab talabalar bir yil TÖMER turk tili tayyorlov kursida o‘qiydi. Odatda C1 darajasi yetarli bo‘lsa-da, magistratura darslari to‘liq turk tilida o‘tilgani uchun men C2 darajagacha o‘qiganman. Bu ilmiy ishlar yozish va darslarni to‘liq tushunishda muhim hisoblanadi.
Foto: Asilbek Abdiyev shaxsiy arxividan
Magistratura kredit tizimiga asoslangan bo‘lib, bir semestrda 30, bir yilda 60 kredit to‘planadi. Dastur majburiy va tanlov fanlaridan iborat bo‘lib, talabalar o‘z yo‘nalishiga mos fanlarni tanlaydi.
Professorlarning dars uslubi turlicha: ochiq manbali materiallar, real loyihalar va tajribalar orqali tushuntiriladi. Darslar taqdimot, doskada yozish yoki ilmiy maqolalar muhokamasi shaklida o‘tadi. Imtihonlar esa asosan oraliq va yakuniydan iborat bo‘lib, yozma test va ochiq savollarni o‘z ichiga oladi.
Ba’zi tajribali professorlar bilan munosabatda o‘qituvchi ustun mavqeda ko‘riladi, shu sabab talabalar savol berishda ehtiyotkor bo‘lishi mumkin. Shunga qaramay, fikrimni ochiq bildirishga harakat qilganman. Yosh assistent professorlar bilan esa muloqot ancha erkin va qulay.
Universitet hayoti va kampus imkoniyatlari
Universitetim 1911-yilda tashkil topgan bo‘lib, Istanbuldagi eng nufuzli texnika oliygohlaridan biri hisoblanadi. Bu yerga birinchi kelganimda meni eng ko‘p hayratga solgan narsa kampusning kengligi va yashil hududlarning ko‘pligi bo‘ldi. Shahar markazida joylashgan bo‘lsa ham, bu joy o‘ziga xos sokin va qulay muhit yaratadi.
Kutubxonalar esa 24/7 ishlashi bilan talabalar uchun deyarli ikkinchi uyga aylangan: istalgan vaqtda kelib o‘qish yoki ishlash mumkin.
Vaqt o‘tishi bilan universitet hayotining qanchalik faol ekanini yanada yaxshi tushuna boshladim. Bu yerda 60 dan ortiq talabalar klublari mavjud bo‘lib, talabalar sun’iy intellekt, robototexnika va turli muhandislik loyihalari bilan faol shug‘ullanadi. Erasmus+ va Career Days kabi dasturlar esa bizga xalqaro ta’lim va ish imkoniyatlarini yaqinlashtirib beradi.
Eng qiziq jihatlaridan biri shundaki, bu yerda hayot faqat darslar bilan cheklanib qolmaydi. Yil davomida turli festival va sport tadbirlari o‘tkaziladi va talabalar juda faol muhitda yashaydi. Cultural Day va Ethnosport Culture Festival kabi tadbirlar esa turli mamlakatlardan kelgan talabalar uchun o‘z madaniyatini tanishtirish va boshqalarniki bilan yaqindan tanishish imkonini beradi.
Talabalarga ishlash mumkinmi?
Turkiya Burslari stipendiyasi talabalarga rasmiy ishlashga ruxsat bermaydi. Yaxshi ish imkoniyati bo‘lsa, talaba stipendiyadan voz kechib, alohida ish ruxsatnomasi bilan ishlashi mumkin.
Shu bilan birga, universitet ichida ilmiy loyihalar va tadqiqotlarda qatnashish faol qo‘llab-quvvatlanadi. Men ham hozir professorim bilan kiberxavfsizlik yo‘nalishidagi loyiha ustida ishlayapman.
Loyiha tarmoqlardagi zaifliklarni avtomatik aniqlab va tahlil qilib, mutaxassislar kunlab bajaradigan ishni qisqa vaqtda amalga oshirishga yordam beradi. Bu esa tashkilotlarga xavfsizlik muammolarini oldindan aniqlash imkonini yaratadi.
Turkiyaga kelayotgan talabalar uchun maslahatlar
Turkiyaga o‘qishga kelayotgan talabalar uchun eng muhim tavsiyalardan biri tilni imkon qadar oldindan o‘rganib kelishdir. Ayniqsa kundalik hayotda ishlatiladigan oddiy iboralar va muloqot frazalari juda katta yordam beradi, chunki yoshlar orasida ingliz tilini biladiganlar uchrasa-da, kundalik hayotda asosan turk tilida gaplashiladi.
Shuningdek, mamlakatda hujjat tekshiruvlari tez-tez uchraydi. Xorijiy talabalar pasport, sug‘urta yoki yashash ruxsatnomasi bilan bog‘liq tekshiruvlarga duch kelishi mumkin. Shu sabab barcha hujjatlarni tartibli saqlash va imkon qadar yoningizda olib yurish tavsiya etiladi.


Foto: Asilbek Abdiyev shaxsiy arxividan
Dastlabki oylar uchun yetarli mablag‘ bilan kelish ham muhim, chunki stipendiya darhol tushmasligi mumkin. Kamida $500-$600 atrofida zaxira mablag‘ bo‘lishi boshlang‘ich xarajatlarni yengilroq o‘tkazishga yordam beradi. Shu bilan birga, stipendiya olish uchun odatda mamlakatda kamida 10−15 kun yashagan bo‘lish talab etiladi, shuning uchun birinchi oyga to‘liq moliyaviy jihatdan tayyor bo‘lish kerak.
Bundan tashqari, O‘zbekistondan olib kelingan bank kartalari ba’zi joylarda, ayniqsa Troy tizimi ishlaydigan savdo nuqtalarida qabul qilinmasligi mumkin. Shu sababli naqd pul ham doim zarur bo‘ladi.
Yana bir muhim jihat firibgarlik holatlariga ehtiyot bo‘lish. Ayrim taksi haydovchilari taksometrni yoqmasligi yoki narxni oshirib yuborishi mumkin, shuning uchun transport va xarid paytida narxni oldindan kelishib olish tavsiya etiladi.








