Migratsiya agentligi xorijdan O‘zbekistonga qaytgan fuqarolarga o‘z biznesini tashkil etish va kengaytirish uchun grantlar ajratadi. Bu haqda agentlik matbuot xizmati xabar berdi.

Dastur Xalqaro migratsiya tashkiloti bilan hamkorlikda va Shvetsiya Adliya vazirligining moliyaviy ko‘magida amalga oshirilmoqda. Uning asosiy maqsadi mehnat migrantlari orasida tadbirkorlik faoliyatini qo‘llab-quvvatlashdan iborat.

Qayd etilishicha, bir loyiha uchun grant miqdori 60 mln so‘mgacha bo‘ladi.

Mablag‘lar tanlov asosida ajratiladi. Loyihalarni saralashda quyidagi mezonlarga ustuvor ahamiyat beriladi:

  • biznesni rivojlantirish bo‘yicha aniq va asoslangan g‘oya;
  • yangi ish o‘rinlarini yaratish imkoniyati;
  • korxonaning barqarorligi va samaradorligi.

Tanlovda 2025−2026-yillarda xorijda ishlagan va O‘zbekistonga qaytgan fuqarolar ishtirok etishi mumkin. Tashabbusda ayollarning ishtirokiga alohida e’tibor qaratiladi.

Arizalar 21-sentabrgacha ushbu havola orqali qabul qilinadi. Batafsil ma’lumotni +998900215038 (Telegram orqali bog‘lanish) telefon raqami orqali olish mumkin.

Shuningdek, Migratsiya agentligi Buyuk Britaniyada ishlayotgan o‘zbekistonliklar uchun xuddi shunday dasturni ishga tushirmoqda. Unda 2024−2026-yillarda mavsumiy ishchilar sxemasida (Seasonal Workers Scheme) ishtirok etgan fuqarolar ishtirok etishlari mumkin.

Nomzodlar Toshkentda bir kunlik intensiv treningdan o‘tadi. Grant olish uchun biznes-reja va tadbirkorlik tajribasini tasdiqlovchi hujjatlarni taqdim etish, shuningdek, dasturining turmush sharoitiga ta’sirini o‘rganish maqsadida keyingi ikki yil davomida Xalqaro migratsiya tashkiloti (XMT) bilan hamkorlik qilishga tayyorligini tasdiqlashlari kerak.

Grant olish uchun arizani 20-sentabrdan kechiktirmay havola orqali topshirish mumkin.

Joriy yil iyun oyida O‘zbekiston va Shvetsiya migratsiya va mobillik sohasida hamkorlik to‘g‘risida kelishuv imzolagan. Tomonlar, shuningdek, qonuniy migratsiya va akademik almashinuvlarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan migratsiya va mobillik bo‘yicha pilot dasturni ishga tushirish to‘g‘risidagi deklaratsiyani imzolagan.


Avvalroq Spot Muxsinxo‘ja Abdurahmonov Migratsiya agentligi direktori etib tayinlangani haqida yozgandi.