Binance Yevropa mijozlariga 2026-yil 1-iyuldan boshlab ularga xizmat ko‘rsatishni to‘xtatishini ma’lum qildi, deb yozadi Financial Times.

Ushbu sanadan boshlab Yevropa Ittifoqida faoliyat yurituvchi kriptokompaniyalar maxsus litsenziya olishlari kerak bo‘lgan qoida kuchga kiradi.

2026-yil boshida Binance Gretsiyada umumevropa litsenziyasini olish uchun ariza topshirdi. Iyun oyida Reuters o‘z manbalariga tayanib, mamlakat regulyatori kriptobirjaga rad javobini berishni rejalashtirayotgani haqida xabar bergan edi.

Kompaniyaning so‘zlariga ko‘ra, u Gretsiyadan hozircha rasmiy rad javobini olmagan.

Biroq, “arizani qaytarib olib, YIga a’zo boshqa bir mamlakatdan litsenziya olishga” qaror qilgan.

CryptoSlate nashrining xabar berishicha, 2026-yilning may oyiga kelib zarur litsenziyani atigi 194 ta kompaniya olgan.

Qayd etilishicha, Yevropa Ittifoqida yangi qoidalar joriy etilgunga qadar bir necha ming kriptoxizmat faoliyat yuritgan.


2025-yil may oyida AQSH birjalar komissiyasi Binance kriptobirjasiga qarshi da’voni qaytarib olgani haqida xabar berildi.

Regulyator platforma va uning asoschisi Chanpen Chjaoni savdolarni manipulyatsiya qilishda hamda investorlarni chalg‘itishda ayblagan.

Shu yilning oktabrida esa Donald Tramp Binance asoschisi Chanpen Chjaoni afv etgandi.

Chjao kriptovalyuta birjasini boshqarish orqali pul yuvishga yordam berganlikda ayblanib, o‘tgan yili to‘rt oy qamalgandi.