Avvalroq Spot Milliy statistika qo‘mitasi ro‘yxatga olish natijasida aholi ilk bor 39 mln kishidan oshganini ma’lum qilgani haqida yozgan edi.
O‘zbekistonda aholini ro‘yxatga olish yakunlariga ko‘ra, mamlakat aholisi 39 mln 47 ming 321 nafarni tashkil etdi. Bu joriy statistik hisob-kitoblardagi 38 mln 236 ming 704 nafardan 810 ming 617 nafarga ko‘p. Agentlik bu bo‘yicha izoh berdi.
“Bu holat aholi soni sun’iy ravishda oshganini anglatmaydi. Aksincha, ro‘yxatga olish — mamlakatda muayyan sana holatiga haqiqiy yashab turgan aholini to‘liqroq qamrab olishga qaratilgan yirik statistik jarayon hisoblanadi, — deyiladi xabarda.
Statistika qo‘mitasining qayd etishicha, farq yuzaga kelishining asosiy sabablari quyidagilar bilan bog‘liq:
- joriy hisob-kitoblar odatda tug‘ilish, o‘lim va migratsiya bo‘yicha ma’muriy ma’lumotlar asosida yuritiladi;
- aholining ichki harakati, yashash joyini o‘zgartirishi, vaqtincha boshqa hududda bo‘lishi yoki ro‘yxat ma’lumotlarining o‘z vaqtida yangilanmasligi hisob-kitoblarda farq keltirib chiqarishi mumkin;
- ro‘yxatga olish jarayonida uy xo‘jaliklari, turar joylar va manzilli obyektlar bo‘yicha ma’lumotlar to‘g‘ridan to‘g‘ri aholidan yig‘ildi;
- onlayn ro‘yxatga olish, OneID, planshetlar va geolokatsiya ma’lumotlaridan foydalanish hisobiga qamrov kengaydi;
- O‘zbekiston hududida 1 yildan ortiq istiqomat qilayotgan xorijiy fuqarolar ham ro‘yxatga olindi.
Agentlik bunday tafovut xalqaro amaliyotda ham uchrashini ta’kidladi. Masalan, ro‘yxatga olish natijalari joriy hisob-kitoblardan Kanadada 3,15%, Qozog‘istonda 1,6%, Rossiyada 1,12% yuqori chiqqan.
O‘zbekistondagi 2,1% lik farq ham xalqaro tajribaga mos ekani, ro‘yxatga olish jarayoni aholi haqidagi ma’lumotlarni yanada aniqlashtirgani qayd etildi.
Bundan tashqari, ko‘plab davlatlarda ro‘yxatga olish yakunlari keyingi yillar uchun aholi soni, tarkibi va hududiy joylashuvi bo‘yicha asosiy tayanch ma’lumot sifatida qabul qilinadi.
Avvalroq Markaziy bank O‘zbekistonda sezilayotgan inflyatsiya minimum darajani yangilangani haqida xabar berilgandi.