Chiqindilarni boshqarish va sirkulyar iqtisodiyotni rivojlantirish agentligi foydalanilgan avtomobillarni utilizatsiya qilish tizimi bo‘yicha ishlab chiqilayotgan qonun loyihasi qayta ko‘rib chiqilayotganini ma’lum qildi.

Agentlikka ko‘ra, O‘zbekistonda qariyb 5 mln avtotransport vositasi mavjud bo‘lib, shundan 100 mingga yaqini nosoz holatda. Ular shaharlardagi zararli chiqindilar tashlamasining 63%ini keltirib chiqarmoqda. Shuningdek, bitta eski avtomobil utilizatsiya qilinganda tonnalab metall va plastikdan tashqari 50 kilogrammgacha xavfli qattiq chiqindilar hosil bo‘ladi.

Shu sababli avtomobil parkini yangilash va ekologik barqarorlikni ta’minlash maqsadida maxsus qonun loyihasi ishlab chiqilgan edi. Biroq jamoatchilik muhokamalari va kelib tushgan e’tirozlardan so‘ng loyiha “tubdan qayta ishlanmoqda”.

Eng muhim o‘zgarishlardan biri — 30 yil va undan eski avtomobillar egalari har yili BHMning 30 baravari miqdorida ekologik kompensatsiya to‘lashi haqidagi norma loyihadan butunlay chiqarib tashlanmoqda.

Agentlik ta’kidlashicha, hukumat ma’murchilik va majburlash o‘rniga, aholini iqtisodiy rag‘batlantiruvchi bozor mexanizmlariga tayanishni rejalashtirmoqda.

Yangi tizimga ko‘ra, ochiq tender asosida avtomobillarni baholovchi va utilizatsiya qiluvchi mustaqil korxonalar tarmog‘i tashkil etiladi. Eski avtomobillar bozor qiymatida baholanadi, harakatlana olmaydigan transport vositalarini esa mutaxassislar joyiga chiqib ko‘rikdan o‘tkazadi.

Avtomobil egalariga baholangan qiymat miqdorida naqd pul yoki maxsus vaucher beriladi. Vaucherlardan rasmiy dilerlardan yangi avtomobil xarid qilishda boshlang‘ich to‘lov sifatida foydalanish mumkin bo‘ladi. Qolgan mablag‘ni esa 2 yildan 7 yilgacha foizsiz bo‘lib-bo‘lib to‘lash imkoniyati yaratilishi rejalashtirilmoqda.

Agar fuqaro vaucherdan foydalanishni istamasa, uning qiymatini bir oy ichida naqd pul ko‘rinishida olishi mumkin bo‘ladi.

Agentlik misol sifatida 165 mln so‘mlik Cobalt avtomobilini keltirdi. Amaldagi tartibda uni xarid qilish uchun kamida 50 mln so‘m boshlang‘ich to‘lov talab etiladi. Taklif etilayotgan tizimda esa, masalan, eski avtomobil 5 mln so‘mga baholansa, xaridor yangi avtomobilni boshlang‘ich to‘lovsiz olib, qolgan 160 mln so‘mni 7 yil davomida oyiga taxminan 1,9 mln so‘mdan foizsiz to‘lashi mumkin bo‘ladi. Agar eski avtomobil 70 mln so‘mga baholansa, oylik to‘lov 1,13 mln so‘m atrofida bo‘ladi.

Qayd etilishicha, qonun loyihasi hali yakuniy shaklga ega emas. Hujjat aholi va mutaxassislar bilan muhokama qilinib, kelib tushadigan taklif va mulohazalar asosida takomillashtiriladi.

Avvalroq Spot jarima maydonchasidan avtomobilni olib chiqishga ruxsat QR-kod orqali berilishi haqida yozgan edi.