O‘zbekiston 2026-yilda Rossiyadan quvur orqali import qilinadigan tabiiy gaz hajmini qariyb 50% ga oshirishi mumkin. Bu haqda Xalqaro energetika agentligi (XEA) gaz bozori bo‘yicha hisobotida ma’lum qilgan.

“Rossiya Qozog‘iston orqali O‘zbekistonga „Markaziy Osiyo — Markaz“ quvur tizimi orqali gaz yetkazib berish hajmini oshirishni davom ettirmoqda. Rossiya gazini quvur orqali O‘zbekistonga yetkazib berish hajmi 2025-yildagi 7 mlrd kub metrdan 2026-yilda 10 mlrd kub metrdan oshishi kutilmoqda”, — deyiladi hisobotda.

Milliy statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, 2025-yilda O‘zbekistonning Rossiya va Turkmanistondan gaz importi qiymat jihatidan 1,2%ga kamayib, $1,65 mlrdni tashkil etgan.

Shu bilan birga, Rossiyadan import qilingan gaz hajmi 14,9% ga oshib, 5,64 mlrd kub metrdan 6,48 mlrd kub metrga yetgan.

2026-yilning dastlabki besh oyida esa Rossiya va Turkmanistondan tabiiy gaz importi o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 84,1% ga oshib, $724,7 mlnni tashkil qilgan. Shundan $68,2 mlni propan xaridiga to‘g‘ri kelgan. Propan importi esa 3,3 barobarga ko‘paygan.

Yanvar oyida gaz importi $167,6 mlnni tashkil etgan bo‘lsa, fevralda bu ko‘rsatkich keskin kamayib $34,6 mlnga tushgan. Mart oyida import yana $158,3 mlnga, aprelda $147,8 mlnga yetgan. May oyida esa gaz xaridlari yil boshidan beri eng yuqori darajaga chiqib, $216,4 mlnni tashkil etgan.

Gaz importi ortib borayotgan bir paytda, O‘zbekistonda tabiiy gaz qazib olish hajmi izchil kamayishda davom etmoqda. Joriy yilning dastlabki besh oyida 15,8 mlrd kub metr gaz qazib olingan, bu o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 14,1% ga kam. 2024-yilning yanvar-may oylariga nisbatan esa qazib olish hajmi 16,4% ga qisqargan.

Iyun oyi boshida Qozog‘iston energetika vaziri Yerlan Akkenjenov mamlakat Rossiya gazining O‘zbekistonga tranzit hajmini oshirishga tayyorligini bildirgan. Uning aytishicha, Qozog‘iston tomoni bunga tayyor, Rossiya esa bu masala bo‘yicha O‘zbekiston bilan alohida muzokaralar olib bormoqda.

Vazirning so‘zlariga ko‘ra, O‘zbekiston Rossiyadan gaz importini 11 mlrd kub metrgacha oshirishni rejalashtirmoqda. Bu 2025-yilga nisbatan 70% ga (4,5 mlrd kub metrga) ko‘pdir.

Bundan avval Rossiya bosh vaziri o‘rinbosari Aleksandr Novak ham Qozog‘iston va O‘zbekistonga gaz yetkazib berishni ko‘paytirish hamda buning uchun zarur infratuzilmani kengaytirish bo‘yicha muzokaralar olib borilayotganini ma’lum qilgan.


Avvalroq Spot Rossiya dizel yoqilg‘isi eksportini butunlay taqiqlagani haqida yozgandi.