Avvalroq prezident qora metallurgiya sanoatini yangi bosqichga olib chiqish bo‘yicha ustuvor vazifalar yuzasidan yig‘ilish o‘tkazgani haqida xabar berilgandi.

Taʼkidlanishicha, Toshkent viloyati, Samarqand va Surxondaryoda ham temir zaxiralari borligi prognoz qilinmoqda.

Davlat rahbari bunday yirik loyihalarda temir sifatini oshirish uchun marganes va ferrosilitsiy xomashyosiga ham talab ortishini aytdi.

Mutasaddilarga ushbu maydonlarni sun‘iy intellekt yordamida tahlil qilib, bir oyda temir va uni boyitishga zarur minerallar zaxirasini ko‘paytirish bo‘yicha geologiya dasturini kiritish topshirildi.

Hudud rahbarlariga mazkur ishlarga yirik tadbirkorlarni jalb qilish vazifasi qo‘yildi.

Metallurgiya sohasida 150 ga yaqin o‘rta va kichik xususiy korxonalar faoliyat yuritmoqda. Qurilish materiallari bo‘yicha yig‘ilishdan so‘ng hokimlar metall mahsulotlari ishlab chiqarish bo‘yicha yangi loyihalarni boshlagani qayd etildi.

Xususiy korxonalarni xomashyo bilan barqaror ta‘minlash maqsadida chetdan xomashyoni markazlashgan holda olib kelish bo‘yicha alohida kompaniya tashkil etiladi. Ushbu kompaniyaga $200 mln ajratiladi, import xomashyo faqat birja orqali sotiladi.

Iqtisodiyot yangi texnologik rivojlanish bosqichiga o‘tayotgani sababli barcha tarmoqlarda yangi turdagi metall mahsulotlariga talab ortib bormoqda.

Shu bois, metall mahsulotlari assortimentini ko‘paytirish uchun yirik kombinatlar va xususiy korxonalar o‘rtasida kooperatsiyani kuchaytirish zarurligi ta‘kidlandi.

Birgina choksiz quvurga mamlakatda $280 mlnlik talab bor. Asosiy savdo hamkorlar ham yiliga $1,5 mlrdlik shunday mahsulot import qilmoqda.

Hisob-kitoblarga ko‘ra, choksiz quvur ishlab chiqarishni mahalliylashtirish uchun $275 mln investitsiya talab etiladi. Bu orqali yiliga $450 mlnlik mahsulot ishlab chiqarish, shundan $170 mlnlik qismini eksportga yo‘naltirish mumkin.

Bugun ishga tushirilgan Quyuv-prokatlash majmuasi hisobiga avtomobilsozlik, maxsus transport, texnologik uskunalar, maishiy va qishloq xo‘jaligi texnikalari, qurilish materiallari sohalarida $1,5 mlrdlik mahsulotlarni o‘zimizda ishlab chiqarish imkoniyati yaratilmoqda.

Mutasaddilarga uch oyda choksiz quvur, sovuq prokat, metalni 3D usulda bosib chiqarish va yuqori aniqlikda ishlov berish bo‘yicha loyihalar paketini tayyorlab, ishni boshlash topshirildi.

Spot, avvalroq, O‘zmetkombinatda yiliga 1 mln tonna po‘lat ishlab chiqaradigan majmua ishga tushirilgani haqida yozgandi.