Shavkat Mirziyoyev Bekobod shahriga tashrifi chog‘ida O‘zbekiston metallurgiya kombinatida barpo etilgan yangi Quyuv-prokatlash majmuasini ishga tushirish marosimida ishtirok etdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Davlat rahbari kombinat jamoasi, mehnat faxriylari va xorijiy hamkorlarni ushbu muhim voqea bilan tabrikladi.
O‘tgan 10 yilda sohaga qariyb $2 mlrd xorijiy investitsiya jalb qilinib, 31 ta yirik ishlab chiqarish quvvati ishga tushirildi. Xususiy sektorga keng yo‘l ochilgani natijasida tarmoqda faoliyat yuritayotgan korxonalarning soni 150 tadan oshdi.
Shu davrda mahalliy metall mahsulotlari ishlab chiqarishning yillik hajmi 3 mln tonnaga, qiymati esa 23 trln so‘mga yetdi. Taqqoslash uchun 2016-yilda 1,5 trln so‘mlik 800 ming tonna mahsulot ishlab chiqarilgan.
Ilgari asosan qurilish sohasi uchun metall prokat yetkazib bergan tarmoq bugungi kunda mashinasozlik, elektrotexnika, mudofaa sanoati va energetika kabi tez rivojlanayotgan yo‘nalishlar uchun 80 turdagi yangi mahsulot ishlab chiqarmoqda.
Prezident metallurglar mehnati Yangi O‘zbekistonning zamonaviy qiyofasini yaratish, yirik bunyodkorlik ishlarini amalga oshirish va iqtisodiyot tarmoqlarini rivojlantirishda muhim o‘rin tutishini taʼkidladi.
Mamlakat iqtisodiyotini texnologik va innovatsion o‘sish modeliga o‘tkazish, yalpi ichki mahsulot hajmini 2030-yilga borib, $240 mlrdga yetkazish maqsad qilingan.
Kelgusi besh yilda iqtisodiyotga $180 mlrd xorijiy investitsiya jalb qilish, $27 mlrdlik ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmasi loyihalarini amalga oshirish, 800 ming xonadonli ko‘p qavatli uy-joylar barpo etish rejalashtirilgan.
Bunday ulkan marralar metall mahsulotlariga bo‘lgan talabni hozirgiga nisbatan 1,5 barobar oshiradi.
Shu maʼnoda, 5,5 ming nafardan ziyod ahil va fidoyi mehnat jamoasiga ega O‘zbekiston metallurgiya kombinatining alohida o‘rni borligi qayd etildi.




Yangi Quyuv-prokatlash majmuasi kombinatda energiya tejamkor texnologiyalar va raqamli yechimlarni joriy qilish, mehnat unumdorligi va mahsulot sifatini oshirishda yangi davrni boshlab beradi.
Mazkur majmua mamlakatda issiq prokatlangan po‘lat listlar ishlab chiqarish bo‘yicha birinchi loyiha bo‘ldi.
Uning ishga tushirilishi natijasida yiliga 8 trln so‘mlik 1 mln tonna issiq prokatlangan po‘lat list ishlab chiqariladi. Toshkent va Samarqand metallurgiya zavodlarining prokat listlarga bo‘lgan ehtiyoji to‘liq qoplanadi. Shuningdek, 1 200 ta yuqori daromadli ish o‘rni yaratiladi.
Davlat rahbari majmuani barpo etishda ishtirok etgan quruvchi va muhandislar, texnolog va mashinistlar, ishchi-xodimlar, mehnat faxriylari hamda xorijiy hamkorlarga minnatdorlik bildirdi.
Tantanali marosimda O‘zbekiston metallurgiya kombinatini yanada rivojlantirish bo‘yicha kelgusi rejalar ham belgilab berildi.
Kombinatning xomashyoga bo‘lgan talabini mahalliy resurslar hisobidan taʼminlash eng ustuvor vazifa bo‘lishi taʼkidlandi. Mamlakat hududlarida 1,5 mlrd tonna temir rudasi zaxirasi mavjud.
Yaqin uch-to‘rt yilda Tebinbuloq konini ishga tushirish orqali yiliga 1 mln tonna po‘lat ishlab chiqarish rejalashtirilgan.
Surun-ota konidagi maʼdanlarni boyitish natijasida esa yiliga 600 ming tonna temir xomashyosi olish yo‘lga qo‘yiladi. Ushbu xomashyoni qayta ishlash uchun kombinatda qiymati $180 mlnlik zamonaviy metallurgiya zavodi qurilishi boshlanadi.
Kelgusi uch yilda $30 mln investitsiya hisobiga po‘lat sharlar ishlab chiqarish liniyalari bosqichma-bosqich modernizatsiya qilinib, ularning quvvati 250 ming tonnadan 500 ming tonnagacha oshiriladi.
Shuningdek, kombinat hududida O‘zbekiston ekologik texnologiyalar sanoat parki tashkil etiladi.





Joriy yilning o‘zida mazkur sanoat parkida katta diametrli quvurlar, ko‘tarma kranlar va filtrlash uskunalarini ishlab chiqarish bo‘yicha umumiy qiymati $70 mln bo‘lgan 6 ta loyiha boshlanadi. Ularning amalga oshirilishi natijasida yana 660 ta yuqori daromadli ish o‘rni yaratiladi.
Prezident metallurgiya og‘ir, ammo sharafli soha ekanini taʼkidlab, kombinat ishchi-xodimlarining mashaqqatli va fidoyi mehnati yuksak hurmat hamda tahsinga sazovorligini qayd etdi.
Kombinatda ustoz-shogird anʼanasi asosida faoliyat yuritayotgan mutaxassislarning bilimi, tajribasi va kasbiy salohiyati ko‘plab mehnat jamoalari uchun chinakam namuna ekani taʼkidlandi.
Shundan so‘ng davlat rahbari ramziy tugmani bosib, Quyuv-prokatlash majmuasi faoliyatiga start berdi.
Soha faxriylari, kombinat xodimlari hamda xorijiy hamkorlar bilan muloqot qilindi.
Spot, avvalroq, Shavkat Mirziyoyev elektropoyezdda Bekobodga borgani haqida yozgandi.








