Avvalroq prezident qora metallurgiya sanoatini yangi bosqichga olib chiqish bo‘yicha ustuvor vazifalar yuzasidan yig‘ilish o‘tkazgani haqida xabar berilgandi.
Unda metallurgiya sanoatida raqamlashtirish va sun‘iy intellektni joriy etish masalasiga alohida e‘tibor qaratildi.
Davlat rahbari Olmaliq kombinatida sun‘iy intellekt orqali operatsion xarajatlar, tannarx va energiya sarfini kamaytirish, mehnat unumdorligini oshirish bo‘yicha natijalar borligini qayd etdi.
Masalan, samosvallarga onlayn kuzatuv vositasi o‘rnatilib, sun‘iy intellekt orqali optimal marshrut tanlangani hisobiga 1,5 ming tonna dizel yoqilg‘isi yoki 22 mlrd so‘m tejalgan. Ekskavator tishlarining yemirilishini oldindan prognoz qilish orqali texnologik yo‘qotishlar 4 mlrd so‘mga kamaygan.
Boshqa metallurgiya kombinatlarida ham sun‘iy intellekt va raqamlashtirish orqali uskunalardan foydalanish samaradorligini 20%ga oshirish, tannarxni 10%ga, energiya sarfini 15%ga, texnik xizmat xarajati va texnologik uzilishlarni 20%ga qisqartirish bo‘yicha dastur ishlab chiqish topshirildi.
Bekobod kombinatida sun‘iy intellekt yordamida lom tarkibidagi nometall buyumlarni aniqlash orqali yiliga 25 mlrd so‘m, eritish pechlariga “aqlli” datchiklar o‘rnatish hisobiga esa elektrdan yiliga $3 mln tejash mumkinligi ko‘rsatib o‘tildi.
Metallurgiya sanoatining “aql markazi” sifatida Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi belgilandi.
Shuningdek, sohaga Navoiy kombinatining markaziy ilmiy-tadqiqot laboratoriyasi, Olmaliq kombinatining ilmiy-texnologik markazi, Texnologik metallar kombinatining O‘zbekiston — Koreya ilmiy-texnologik markazi, Toshkent texnika universiteti, Navoiy konchilik va texnologiyalar universiteti, Olmaliq texnika instituti hamda Moskva po‘lat va qorishmalar institutining Olmaliq filiali biriktirildi.
Ushbu ilmiy muassasalar va oliygohlar yangi turdagi materiallarga talabni, uni qoplash uchun qaysi hududda qanday loyiha qilish va qanday texnologiyadan foydalanish zarurligini, qaysi yo‘nalishlarda kadr tayyorlash kerakligini tahlil qiladi.
Sohani rivojlantirish bo‘yicha har bir hudud kesimida bir yillik, uch yillik va besh yillik dasturlar ishlab chiqilib, viloyat hokimlariga yetkaziladi.
Yangi o‘quv yilidan Bekobod kombinatida qora metallurgiya bo‘yicha kafedra ochilib, dual ta‘lim yo‘lga qo‘yiladi.
Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markaziga metallurgiya sohasidagi muammolarni bir joyga jamlaydigan raqamli platformani ishga tushirish topshirildi.
Soha mutasaddilari, viloyat hokimlari, kombinatlar, “aql markazlari”, ilmiy muassasalar rahbarlari va oliygoh rektorlari bugun aytilgan har bir topshiriq ijrosini so‘zsiz ta‘minlashi shartligi qayd etildi.
Qora metallurgiyada xomashyo bazasini kengaytirish, importga bog‘liqlikni kamaytirish, raqamlashtirish va sun‘iy intellektni keng joriy etish, yangi mahsulotlarni mahalliylashtirish hamda xususiy sektor bilan kooperatsiyani kuchaytirish asosiy vazifalar sifatida belgilandi.
Ilmiy muassasalar va oliygohlarning tadqiqotlari amaliyotdagi muammolarga yechim topish, korxonalarni rivojlantirish va texnologik yangilanishni tezlashtirishga qaratilgan bo‘lishi zarurligi ta‘kidlandi.
Shuningdek, ilmiy ishlanmalarni moliyalashtirish va amaliyotga joriy qilish bo‘yicha venchur fond tashkil etish vazifasi qo‘yildi.
Davla rahbari sohada “texnologik sakrash” qilish zarurligini ta‘kidlab, yil yakuni bilan har bir mas‘ul rahbardan qat‘iy so‘rov va javobgarlik bo‘lishi haqida ogohlantirdi.
Spot, avvalroq, O‘zbekistonda metall xomashyosi importi uchun $200 mlnlik kompaniya tashkil etilishi haqida yozgandi.