Iyun oyida o‘zbekistonliklarning sezilgan inflyatsiyasi biroz pasaydi. Bu haqda Markaziy bank hisobotida keltirilgan.

3 785 nafar respondent ishtirok etgan so‘rovnoma natijalariga ko‘ra, o‘rtacha tortilgan ko‘rsatkich may oyidagi 10,3% dan 10,2% ga pasaydi, mediana esa 9% dan 8% ga tushdi.

Hududlar kesimida sezilgan inflyatsiyaning eng yuqori darajasi Toshkent shahrida — 12,3%, undan keyin Andijon (12,2%) va Farg‘ona (11,1%) viloyatlarida qayd etildi. Eng past ko‘rsatkich esa Xorazm viloyatida — 8,5% bo‘ldi. Shuningdek, Namangan (9%), Navoiy (9,1%) va Qashqadaryo (9,4%) viloyatlarida ham respublika o‘rtacha ko‘rsatkichidan past daraja kuzatildi.

Aholi may-iyun oylarida narxi eng ko‘p oshgan mahsulot va xizmatlar sifatida, avvalgidek, go‘sht va sut mahsulotlarini qayd etgan. Iyun oyida respondentlarning 52%i ushbu toifadagi narxlar oshganini bildirgan (mayda — 54%).

Shuningdek, benzin va yoqilg‘i (38%), elektr va tabiiy gaz (31%), meva-sabzavotlar (22%), shakar va qandolat mahsulotlari (18%) hamda guruch (17%) narxlaridagi o‘sish eng ko‘p tilga olingan.

Bundan tashqari, respondentlar dorilar va qurilish mollari (16% dan), kafe-restoran hamda yo‘lkira va tashish xizmatlarini (14% dan), o‘simlik yog‘i (13%), kiyim va poyabzal (12%) narxlari oshganini qayd etgan. Eng kam tilga olingan toifalar esa ta’lim (8%) va maishiy xizmatlar (7%) bo‘lgan.

Daromadi 4 mln so‘mdan yuqori bo‘lgan aholining sezilgan inflyatsiyasi o‘rtacha ko‘rsatkichdan baland shakllangan. Eng yuqori ko‘rsatkich oyiga 30 mln so‘mdan ortiq daromad oluvchilar orasida qayd etildi — 17%. Shuningdek, 20−30 mln so‘m daromadga ega bo‘lganlarda bu 13%, 10−15 mln so‘m daromad oluvchilarda 12,8% bo‘lgan.

Aksincha, 2 mln so‘mgacha daromad oluvchilar orasida sezilgan inflyatsiya 8%, daromadga ega bo‘lmagan respondentlarda esa 9,2% ni tashkil etgan.

Kasb va faoliyat yo‘nalishlari kesimida eng yuqori sezilgan inflyatsiya maishiy xizmat ko‘rsatish hamda tashish xizmatlari sohalari vakillari orasida (11,6%) qayd etilgan. Eng past ko‘rsatkich esa talabalar orasida bo‘lib, bu 8,8% ni tashkil etgan.

Avvalroq Spot iyun oyida aholining kelgusi 12 oy uchun inflyatsion kutilmalari 10,1%, tadbirkorlarniki esa 9,9% darajasida o‘zgarishsiz qolgani haqida yozgan edi.