Toshkent metropoliteniga yana 3 ta harakat tarkibi olib kelindi. Bu haqda Toshkent metropoliteni xabar berdi.

Taʼkidlanishicha, poyezdlar sovutish va isitish tizimi bilan jihozlangan.

Yangi harakat tarkiblarining foydalanishga topshirilishi poyezdlar harakati intervalini qisqartirish, ekspluatatsiya muddati uzoq bo‘lgan eski turdagi harakat tarkiblarini bosqichma-bosqich yangi poyezdlar bilan almashtirish imkonini yaratadi.

Qo‘shimcha qilinishicha, joriy yil yakuniga qadar Toshkent metropoliteniga yana 11 ta harakat tarkibini olib kelish rejalashtirilgan.

Transport vazirligining xabariga ko‘ra, yangi metro poyezdlarining xarid qilinishi natijasida bugungi kunda Toshkent metropoliteni harakat tarkiblari parkini yangilanishi 54% ga yetkazildi.

Yil yakuniga qadar metropoliten harakat tarkibi parkini yangilanishi 59%ga yetkaziladi.

2020-yildan boshlangan modernizatsiya jarayonlari natijasida jami 44 ta to‘rt vagonli metro poyezdlari xarid qilindi. Natijada harakat tarkibi soni 82 taga yetkazildi.

Spot, avvalroq, Toshkentdagi yer usti metro yo‘nalishlari ostida 400 ta yangi biznes ish boshlashi haqida yozgandi.