Qashqadaryo viloyatida o‘ta issiq havo sabab og‘ir yuk avtomobillari harakatiga vaqtinchalik cheklov joriy etiladi. Bu haqda viloyat hokimligi ma‘lum qildi.
Gidrometeorologiya xizmati ma‘lumotlariga ko‘ra, viloyatda kunduzi havo harorati 42−44 darajagacha, ayrim hududlarda esa undan ham yuqoriga ko‘tarilmoqda. Bunday sharoitda asfaltbeton qoplamasi harorati 70−75 darajagacha yetib, yo‘llarning yuk ko‘tarish qobiliyati pasayadi.
Hokimlikning ta‘kidlashicha, buning oqibatida og‘ir yuk avtomobillari harakati yo‘l qoplamasida g‘ildirak izlari, deformatsiyalar va boshqa texnik nuqsonlarni keltirib chiqarishi mumkin.
Shu munosabat bilan Qarshi shahri, tuman markazlari hamda ularni bog‘lovchi umumiy foydalanishdagi avtomobil yo‘llarida og‘ir yuk avtomobillarining harakati har kuni soat 09:00 dan 19:00 gacha cheklanadi.
Haydovchilar va yuk tashuvchi korxonalarga yuk tashish vaqtlarini oldindan rejalashtirish hamda belgilangan cheklovlarga rioya qilish tavsiya etildi.
Viloyat hokimligi mazkur choralar yo‘l infratuzilmasini asrash, harakat xavfsizligini ta‘minlash va avtomobil yo‘llarining xizmat muddatini uzaytirishga xizmat qilishini qayd etdi.
Bir kun avval Surxondaryoda jazirama sabab og‘ir yuk avtomobillari harakati cheklanishi aytilgandi.
Spot, avvalroq, anomal issiq sabab Qoraqalpog‘iston, Xorazm va Navoiydagi ayrim bog‘chalar vaqtincha yopilgani haqida yozgandi.