O‘zbekistonning Kuvaytdagi elchixonasi vakillari Kuvayt tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Tahani an-Nosir bilan uchrashuv o‘tkazdi. Bu haqda Dunyo axborot agentligi xabar berdi.
Muloqotda ikki mamlakat o‘rtasidagi huquqiy hamkorlikni mustahkamlash, jumladan, jinoiy, fuqarolik va tijorat ishlari bo‘yicha sheriklikni kengaytirish masalalari muhokama qilindi.
Tomonlar havo qatnovi, “aqlli” shaharlar, sog‘liqni saqlash, savdo, madaniyat va san‘at yo‘nalishlaridagi hamkorlikni rivojlantirish hamda erishilgan kelishuvlarni amaliyotga tatbiq etish yuzasidan ham fikr almashdi.
Uchrashuvda O‘zbekiston fuqarolarining Kuvaytga safar qilishi uchun viza tartibini soddalashtirish masalasi ham ko‘rib chiqildi. Shu bilan birga, viza talablari bo‘yicha ikki mamlakatning manfaatdor idoralari o‘rtasidagi hamkorlikni yana-da takomillashtirish muhimligi ta‘kidlandi.
Suhbat yakunida tomonlar o‘zaro manfaatli hamkorlikni rivojlantirishga qaratilgan taklif va tashabbuslarini bildirdi.
O‘tgan yilning 1-iyunidan O‘zbekiston Bahrayn, Kuvayt hamda O‘mon fuqarolari uchun vizasiz rejim joriy qilgandi.
Spot, avvalroq, AQSH O‘zbekistonga mehnat migratsiyasi uchun nomzodlarning viza tarixini oldindan tekshirishni tavsiya qilgani haqida yozgandi.