AQSHda benzin narxining qimmatlashuvi elektromobillarga qiziqishni qaytardi, deb yozadi The Verge.
Elektromobil xaridiga beriladigan federal imtiyoz bekor qilingach, ularga talab keskin pasaydi, dilerlar omborlari esa sotilmay qolgan avtomobillarga to‘lib ketdi.
Biroq 2026-yil bahoridan vaziyat o‘zgara boshladi va bunga Tesla marketingi yoki ekologiyaga qiziqish emas, boshqa omil sabab bo‘ldi.
Kelley Blue Book ma’lumotlariga ko‘ra, joriy yilning ikkinchi choragida AQSHda qariyb 247 mingta elektromobil sotilgan. Bu yil boshiga nisbatan 14,7% ko‘p.
2025-yilning shu davriga nisbatan elektromobil savdosi baribir 20,5% ga kamaygan. Bu ketma-ket uchinchi chorakdagi pasayish bo‘ldi.
Shunga qaramay, vaziyat asta-sekin yaxshilanmoqda: bir yil avval pasayish 27% ni, o‘tgan kuzda esa 36% ni tashkil etgandi. Demak, pasayish sur’ati sekinlashmoqda.
Bu vaziyatdan eng ko‘p Tesla foyda ko‘rmoqda. AQSHda sotilayotgan har uchinchi elektromobil aynan Tesla’ga to‘g‘ri keladi va kompaniyaning bozordagi ulushi deyarli 50% ga yetgan. Bunda asosan Model 3 va Model Y modellari savdosi muhim rol o‘ynayapti.
Shunga qaramay, Tesla hali o‘tgan yilgi yo‘qotishlarni to‘liq qoplay olgani yo‘q. Kompaniyaning joriy yilning birinchi yarmidagi savdosi 2025-yilning shu davriga nisbatan hali ham 10% ga past. O‘tgan yili esa Tesla’ning bozordagi ulushi sakkiz yil ichida ilk bor 40% dan pastga tushgandi.
Ikkinchi o‘rinni Chevrolet egalladi. Bunda asosan Equinox va Blazer modellari savdosi muhim rol o‘ynadi. Undan keyingi o‘rinlarda Hyundai va Cadillac joylashgan.
Chorakning eng katta kutilmagan natijasi esa Toyota va Subaru bo‘ldi. Toyota elektromobillar savdosini o‘tgan yilga nisbatan 225% ga, Subaru esa 108% ga oshirdi.
Yaqin vaqtgacha elektromobil bozorida ortda qolayotgan Toyota endi eng yirik beshta sotuvchidan biriga aylandi va uch qator o‘rindiqli elektr Highlander modelini taqdim etishga hozirlik ko‘rmoqda.
Avvalroq Spot O‘zbekistonda elektromobillar soni 109,2 mingtaga yetgani haqida yozgandi.