Avvalroq prezident 15-iyul kuni iqtidorli boshqaruvchilar, liderlar va yangi avlod rahbarlarini aniqlash va tanlash hamda El-yurt umidi jamg‘armasi orqali iste‘dodli yoshlarni qo‘llab-quvvatlash chora-tadbirlari yuzasidan taqdimot bilan tanishgani haqida xabar berilgandi.
Unda rahbarlik lavozimlari uchun zaxirani shaffof shakllantirishga qaratilgan TOP-100 ochiq tanlovini o‘tkazish mexanizmi ham bayon qilindi. Tanlov agrar soha, sog‘liqni saqlash, tadbirkorlik, sud-huquq, taʼlim, axborot texnologiyalari va sunʼiy intellekt yo‘nalishlarini qamrab oladi.
Nomzodlar test, kompleks kasbiy baholash va suhbat bosqichlaridan o‘tadi. G‘oliblar maxsus o‘quv kurslarida tayyorlanib, milliy kadrlar zaxirasiga kiritiladi, ularning kasbiy o‘sishi va rahbarlik lavozimlariga tayinlanishi bo‘yicha manzilli choralar ko‘riladi.
Milliy kadrlar zaxirasini shakllantirishda xorijdagi vatandoshlar, shuningdek, dunyoning eng nufuzli 100 ta universitetini tamomlagan va ularda tahsil olayotgan yoshlar salohiyatidan samarali foydalanish muhimligi taʼkidlandi.
Bu borada 2026-yil 1-oktabrdan career.edu.uz platformasida “Xorijdagi talabalar” modulini ishga tushirish rejalashtirilgan. U orqali chet elda taʼlim olayotgan yoshlar davlat idoralari va xususiy korxonalarga biriktiriladi, ularning amaliyot o‘tashi, ish beruvchilar bilan muloqoti hamda kelgusida ishga jalb qilinishi taʼminlanadi.
Yig‘ilishda El-yurt umidi jamg‘armasi faoliyatini takomillashtirish masalalariga ham eʼtibor qaratildi. O‘tgan yili jamg‘arma transformatsiya qilingani natijasida dunyoning eng nufuzli 100 ta oliygohi talabasi bo‘lgan stipendiatlar ulushi 30% dan 80% ga yetdi. Keyingi yilda yangi tartib asosida o‘tkazilgan uchta tanlovda 447 nafar iqtidorli yosh stipendiya sohibi bo‘ldi.
Shu bilan birga, jamg‘arma dasturlarini hudud va tarmoqlarning aniq ehtiyojlariga bog‘lash zarurligi ko‘rsatib o‘tildi.
Iqtidorli yoshlarni xorijiy universitetlarda manzilli tayyorlash, o‘qish xarajatlarini yirik korxonalar bilan birgalikda moliyalashtirish, nufuzli xorijiy oliygohlar bilan qo‘shma dasturlarni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha takliflar bildirildi.
Shuningdek, bitiruvchilarning ilmiy tadqiqotlari, startaplari va islohotlarga qaratilgan tashabbuslarini kichik grantlar orqali qo‘llab-quvvatlash, yuqori bo‘g‘in rahbarlari uchun Singapur, Malayziya, Buyuk Britaniya va Yaponiya tajribasi asosida liderlik dasturlarini tashkil etish rejalari ko‘rib chiqildi.
Prezident kadrlarni saralashda ochiqlik va xolislikni taʼminlash, iqtidorli mutaxassislarni tizimli ravishda qo‘llab-quvvatlash hamda ularning salohiyatidan mamlakat taraqqiyoti yo‘lida samarali foydalanish bo‘yicha mutasaddilarga topshiriqlar berdi.
Spot, avvalroq, yoshlarni davlat xizmatiga qabul qilishda yangi tizim joriy etilishi haqida yozgandi.