Toshkent yer usti metro bekatining tom qismi qulab tushdi. Bu haqda Toshkent metropoliteni xabar berdi.
Hodisa Yer usti halqa yo‘nalishidagi Turon bekatida 16-iyul kuni soat 14:34 da sodir bo‘ldi
Ma‘lum qilinishicha, hodisadan so‘ng harakat xavfsizligini ta‘minlash maqsadida mazkur bekatda metro poyezdlari harakati vaqtincha to‘xtatilgan.
Ayni paytda mutaxassislar texnik o‘rganish ishlarini olib borib, aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etmoqda.
Hodisa oqibatida ikki nafar yo‘lovchi yengil tan jarohati olgan. Ularga voqea joyining o‘zida birinchi tibbiy yordam ko‘rsatilgan.
Toshkent shahar hokimligining ma‘lum qilishicha, ayni paytda mutaxassislar tegishli tashkilotlar bilan birgalikda bekat konstruksiyalarini vizual va texnik ko‘rikdan o‘tkazmoqda.
Dastlabki ma‘lumotlarga ko‘ra, hodisada shiftning dekorativ qismi shikastlangan. Holat sabablarini aniqlash uchun maxsus komissiya tuzilgan, tiklash ishlari davom etmoqda.
Yo‘lovchilar qatnovining uzluksizligini ta‘minlash maqsadida Qipchoq va Quruvchilar metro bekatlari oralig‘ida to‘rttadan bepul metrobuslar qatnovi yo‘lga qo‘yildi. Qo‘shimcha avtobuslar 3 daqiqalik interval bilan harakatlanmoqda.
Metropoliten ma’muriyati yuzaga kelgan noqulayliklar uchun yo‘lovchilardan uzr so‘rab, xavfsizlikni ta’minlash ustuvor vazifa ekanini qayd etdi.
Spot, avvalroq, Toshkent metropoliteniga yana uchta yangi poyezd olib kelingani haqida yozgandi.