Avvalroq Rossiya 23-iyuldan O‘zbekistonning beshta eksportchi korxonasidan karantin ostidagi mahsulotlar importiga vaqtinchalik cheklov joriy etishi haqida xabar berilgandi.

Oziq-ovqat mahsulotlari xavfsizligi qo‘mitasining ma‘lum qilishicha, cheklov qo‘llanilgan korxonalar asosan oq boshli karam, gulkaram, piyoz, shivit, petrushka, uzum, lavlagi, pomidor va boshqa qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini Rossiyaga eksport qilgan.

Joriy yil boshidan buyon ushbu mahsulotlarda 132 ta holatda Rossiya uchun karantin ahamiyatiga ega obyektlar aniqlangan.

Jumladan, pomidor mevasining jigarrang burishish virusi (Tomato brown rugose fruit virus), Janubiy Amerika pomidor kuyasi (Tuta absoluta), g‘arbiy (Kaliforniya) gul tripsi (Frankliniella occidentalis) hamda qand lavlagi tomirlarining nekrotik sarg‘ayish benivirusi qayd etilgan.

Qo‘mita qayd etishicha, Rossiya tomoni ayrim eksportchilarga nisbatan cheklov qo‘llash sabablari, korxonalar nomlari hamda aniqlangan fitosanitariya kamchiliklari bo‘yicha batafsil ma‘lumotni o‘z ichiga olgan rasmiy xat yuborishini bildirgan.

Rossiya taqdim etgan rasmiy ma‘lumotlarga ko‘ra, fitosanitariya talablarini muntazam buzgan eksportchi korxonalar quyidagi hududlarda joylashgan:

  • 1 ta korxona — Xorazm viloyatining Yangibozor tumanida (15 ta holat);
  • 1 ta korxona — Surxondaryo viloyatining Uzun tumanida (11 ta holat);
  • 2 ta korxona — Navoiy viloyatining Qiziltepa tumanida (15 ta holat);
  • 1 ta korxona — Buxoro viloyatining G‘ijduvon tumanida (7 ta holat).

Hozirda Rossiya taqdim etgan rasmiy ma‘lumotnomalar va e‘tiroznomalar har bir korxona kesimida o‘rganilmoqda.

Xususan, mahsulotni yetishtirish, saqlash, saralash va eksportga tayyorlash jarayonlari, fitosanitariya nazorati va kuzatuvchanlik (traceability) tizimining amaldagi holati tekshiriladi.

“Rossiya tomonidan taqdim etilgan rasmiy ma‘lumot asosida fitosanitariya yo‘nalishida mahalliy eksportchi-korxonalar faoliyati har tomonlama o‘rganiladi hamda milliy qonunchilik va xalqaro fitosanitar talablar asosida tegishli choralar ko‘riladi”, — deyiladi xabarda.

Qo‘mita Rosselxoznadzor bilan ishchi muloqotlar davom ettirilayotgani, mavjud kamchiliklarni bartaraf etish, fitosanitariya xavflarini kamaytirish hamda cheklovlarni qisqa muddatda bekor qilish bo‘yicha amaliy ishlar olib borilayotganini ma‘lum qildi.

Vaziyat yuzasidan qo‘shimcha ishchi uchrashuv o‘tkazilib, batafsil ma‘lumot taqdim etilishi rejalashtirilgan.

Cheklovlar faqat fitosanitariya talablari buzilgani qayd etilgan ushbu beshta eksportchi korxonaga nisbatan qo‘llanilgan.

Fitosanitariya talablariga rioya qilgan holda eksport faoliyatini amalga oshirayotgan boshqa mahalliy eksportchilar uchun esa hech qanday cheklov joriy etilmagan va eksport jarayonlari belgilangan tartibda davom etmoqda.

Avvalroq Spot Xitoy O‘zbekistondan 10 turdagi quritilgan sabzavotlarni olib kirishga ruxsat bergani haqida yozgandi.