Intel kompaniyasi navbatdagi optimallashtirish doirasida Data Center Group (DCG) — ma’lumotlar markazlari bo‘limida xodimlarni qisqartirishni rejalashtirmoqda, deya xabar berdi Business Insider.

Kompaniya bu qarorni biznesni yanada ixcham va samarali boshqarish strategiyasining bir qismi sifatida izohladi.

Intel vakilining ma’lum qilishicha, bo‘lim tuzilmasi qayta ko‘rib chiqiladi va kompaniyaning uzoq muddatli rivojlanishi uchun zarur bo‘lgan lavozimlar hamda mutaxassisliklarga ustuvor ahamiyat beriladi. Shu bilan birga, qancha xodim ishdan bo‘shatilishi hozircha ochiqlanmagan.

Kompaniya vakillarining ta’kidlashicha, qisqartirishlar Data Center Group mahsulotlari yoki ishlab chiqilayotgan texnologiyalar yo‘l xaritasiga ta’sir qilmaydi. Rejalashtirilgan server protsessorlari va sun’iy intellekt uchun mo‘ljallangan yechimlar ustidagi ishlar davom ettiriladi.

Bu Intel bosh direktori Lip-Bu Tan rahbarligida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlarning navbatdagi bosqichi hisoblanadi.

Kompaniya so‘nggi yillarda xarajatlarni kamaytirish, boshqaruvni soddalashtirish va asosiy biznes yo‘nalishlariga e’tiborni kuchaytirishga intilmoqda.

Shu maqsadda avval ham minglab ish o‘rinlari qisqartirilgan, ayrim loyihalar to‘xtatilgan va investitsiyalar qayta ko‘rib chiqilgan.

Intel so‘nggi yillarda sun’iy intellekt chiplarida Nvidia va server protsessorlari bozorida AMD bilan kuchli raqobatga duch kelmoqda.

Kompaniya ma’lumotlar markazlari va SI segmentini strategik yo‘nalish sifatida saqlab qolayotgan bo‘lsa-da, ichki tuzilmani optimallashtirish orqali samaradorlikni oshirishni maqsad qilgan.

Intelning bildirishicha, qisqartirishga duch keladigan xodimlarga o‘tish davrida zarur yordam ko‘rsatiladi, biroq kompensatsiya yoki boshqa qo‘llab-quvvatlash choralari tafsilotlari hozircha e’lon qilinmagan.


Avvalroq Spot Hyundai xodimlari sun’iy intellekt va robotlar sabab ish tashlash boshlagani haqida yozgandi.

Qayd etilishicha, xodimlar ish haqini oshirish va ish o‘rinlari saqlab qolinishi bo‘yicha kafolat berilishini talab qilmoqda.