Ipoteka kreditlari bo‘yicha subsidiyalar olish uchun arizalar qabuli boshlanadi. Bu haqda Iqtisodiyot va moliya vazirligi matbuot xizmati xabar bermoqda.

Arizalarni 27-iyul kuni soat 15:00 dan boshlab jo‘natish mumkin. Ular ipoteka kreditlari bo‘yicha subsidiya to‘lashning maqsadli ko‘rsatkichlari doirasida ilgari taqdim etilgan, biroq xabarnoma muddati davomida foydalanilmagan qism hisobidan qabul qilinadi.

Subsidiya olish uchun ariza beruvchi ijtimoiy mezonlar asosida baholash natijasiga ko‘ra kamida 30 ball to‘plashi, shuningdek, kredit tarixi dasturda ishtirok etuvchi tijorat banklaridan kamida birining ichki talablariga mos kelishi kerak.

Bundan tashqari, ariza beruvchining va uning turmush o‘rtog‘ining nomida mamlakatning barcha hududlari bo‘yicha mulk huquqi asosida turar joy bo‘lmasligi lozim. Ularning o‘rtacha oylik daromadi ham belgilangan ijtimoiy mezonlar doirasida quyidagicha bo‘lishi kerak:

  • Qoraqalpog‘iston va viloyatlarda — MHTEKMning 2,7 baravardan 8 baravargacha (3,431 mln — 10,168 mln so‘m);
  • Toshkent shahrida — MHTEKMning 2,7 baravardan 9,2 baravargacha (3,431 mln — 11,693 mln so‘m).

Arizalarni Davlat xizmatlari markazlari orqali, shuningdek, myGov mobil ilovasi yoki Yagona portal (my.gov.uz) orqali topshirish mumkin.

Ariza topshirish jarayonida fuqarolar OneID tizimidagi shaxsiy ma’lumotlarni boshqarish paneli orqali banklarga kredit tarixini baholash uchun zarur ma’lumotlardan foydalanishga ruxsat berishi kerak. Shuningdek, kredit tarixini olishga vaqtinchalik cheklov o‘rnatilmagan bo‘lishi lozim. Aks holda, kredit tarixini o‘rganish imkoniyati cheklanib, ariza rad etilishi mumkin.

Harbiy tuzilmalar xodimlari esa subsidiyaga ariza topshirish uchun bevosita Davlat xizmatlari markazlariga murojaat qilishi mumkin.

Subsidiya olish jarayonida kredit tarixi baholanadigan banklar qatoriga Agrobank, Aloqabank, Asakabank, Asia Alliance Bank, Biznesni rivojlantirish banki, Hamkorbank, Ipak Yuli Bank, Ipoteka-bank, Mikrokreditbank, Orient Finans Bank, Trastbank, Turonbank, Xalq banki, O‘zmilliybank va O‘zsanoatqurilishbank kiradi.

Spot subsidiya uchun arizalarni qanday jo‘natish mumkinligi bo‘yicha qo‘llanma taqdim etgandi. Arizalarni havola orqali jo‘natish mumkin.

Avvalroq Spot O‘zbekistonda ipotekaga yo‘naltirilgan daromadlar uchun soliq imtiyozi avtomatik berilishi mumkinligi haqida yozgan edi.