O‘zbekistonda ipoteka kreditini to‘lashga yo‘naltirilgan daromadlar uchun soliqlar avtomatik ravishda qaytarilishi mumkin. Soliq qo‘mitasi bu bo‘yicha hukumat qarori loyihasini jamoatchilik muhokamasiga qo‘ydi.
Unga ko‘ra, 2027-yil 1-yanvardan boshlab ipoteka krediti bo‘yicha belgilangan soliq imtiyozlari fuqarolardan soliq deklaratsiyasi yoki alohida ariza talab qilinmagan holda proaktiv tartibda qo‘llaniladi.
Bunda imtiyozni hisoblash uchun zarur ma’lumotlar tijorat banklari, Iqtisodiyot va moliya vazirligi, Soliq qo‘mitasi hamda boshqa vakolatli idoralarning axborot tizimlaridan elektron shaklda olinadi. Ma’lumotlarning to‘g‘riligi uchun ularni taqdim etgan davlat organlari javobgar bo‘ladi.
Soliq qo‘mitasi 2026-yil 1-noyabrgacha Elektron soliq xizmatlari portali (My Soliq), Soliq mobil ilovasi va Yagona portalda (my.gov.uz) xizmatni ishga tushirishi rejalashtirilgan.
Shuningdek, Iqtisodiyot va moliya vazirligi hamda Markaziy bank tijorat banklari bilan birgalikda 1-sentabrgacha ipoteka kreditlari va subsidiyalar bo‘yicha ma’lumotlarni real vaqt rejimida elektron almashishni yo‘lga qo‘yishi kerak bo‘ladi.
Loyihaga ko‘ra, axborot tizimi har oy yakunida ipoteka shartnomasi, qarz oluvchi yoki birgalikdagi qarz oluvchi ma’lumotlari, hisobot davrida to‘langan asosiy qarz va foizlar, davlat subsidiyasi, uy-joyga egalik huquqi hamda fuqaroning ish haqi va ushlab qolingan daromad solig‘i haqidagi ma’lumotlarni avtomatik solishtirib, imtiyoz olish huquqini aniqlaydi.
Hisoblangan imtiyoz asosida soliq deklaratsiyasi Soliq qo‘mitasi tomonidan elektron shaklda tayyorlanadi. Agar fuqaro deklaratsiyadagi ma’lumotlarga rozi bo‘lmasa, unga 5 kun ichida tuzatish kiritish huquqi beriladi. Mazkur muddat ichida e’tiroz bildirilmasa, deklaratsiya tasdiqlangan hisoblanadi.
Yosh oilalarga ipoteka bo‘yicha soliq imtiyozi subsidiya olgan-olmaganidan qat’i nazar qo‘llanishi ko‘zda tutilgan.
Bundan tashqari, loyiha ipoteka hisobidan sotib olingan, qurilgan yoki rekonstruksiya qilingan uy-joy mulk huquqi davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan kundan boshlab 36 oy ichida boshqa shaxsga o‘tkazilgan taqdirda, bu soliq imtiyozi shartlarining buzilishi deb hisoblanishini belgilaydi.
Ushbu holatda Soliq qo‘mitasi ilgari qo‘llangan imtiyozni bekor qiladi, butun davr uchun daromad solig‘ini qayta hisoblaydi va to‘lanishi lozim bo‘lgan summa haqida fuqaroni shaxsiy kabineti orqali xabardor qiladi.
Qaror loyihasi bo‘yicha muhokamalar 31-iyulgacha davom etadi.
Avvalroq Spot Milliy statistika qo‘mitasi uy-joy narxlarini yangi usulda hisoblay boshlagani haqida yozgan edi.