O‘zbekistonning Efiopiya va Janubiy Afrika Respublikasidagi diplomatik vakillari ushbu davlatlar vakillari bilan viza tartibini yengillashtirish masalasini muhokama qildi. Bu haqda Dunyo axborot agentligi xabar berdi.

O‘zbekiston elchisi Ashraf Xo‘jayev Efiopiya tashqi ishlar davlat vaziri Xadera Abera hamda JAR Tashqi ishlar vazirligi Xalqaro munosabatlar va hamkorlik departamenti vakili Sandive Fadana bilan uchrashuvlar o‘tkazdi.

Muzokaralarda O‘zbekiston fuqarolari uchun viza rasmiyatchiligini soddalashtirish, viza olish jarayonini yengillashtirish va vizasiz tartib joriy etish imkoniyatlari ko‘rib chiqildi.

Fuqarolarning o‘zaro sayohatlarini qulay qilish uchun sharoit yaratish masalasiga e’tibor qaratildi. Tomonlar viza tartibini yengillashtirish turizm, savdo-iqtisodiy hamda madaniy-gumanitar aloqalarni rivojlantirishga xizmat qilishini ta’kidladi.

Hozirda O‘zbekiston fuqarolari Efiopiya sayohat qilish uchun elektron viza (e-visa) olishlari mumkin.

Avvalroq Spot O‘zbekiston fuqarolari uchun Kuvayt vizasini olish soddalashtirilishi mumkinligi haqida yozgan edi.