Hukumat qarori bilan Buxoro shahrining 2043-yilgacha mo‘ljallangan bosh rejasi tasdiqlandi. Hujjat Lex.uz portalida e‘lon qilindi.
Unga ko‘ra, 2043-yilgacha shahar aholisi 289,2 ming nafardan 385 ming nafarga, hududi esa 7 966,8 gektardan 11 847,1 gektargacha kengayadi.
Shuningdek, uy-joy fondining umumiy maydoni 4,46 mln kvadrat metrdan 8,09 mln kvadrat metrgacha oshiriladi. Natijada bir kishiga to‘g‘ri keladigan uy-joy maydoni 15,4 kvadrat metrdan 21 kvadrat metrgacha yetkazilishi rejalashtirilgan.
Bosh rejada ijtimoiy infratuzilmani rivojlantirish ham nazarda tutilgan. Jumladan, maktabgacha ta‘lim muassasalari 22,3 ming, umumta‘lim maktablari 53,1 ming o‘rinli bo‘lishi, shifoxonalarda 9 552 ta o‘rin hamda poliklinikalarda 15,8 ming qatnovga mo‘ljallangan quvvat yaratilishi ko‘zda tutilgan.
Transport infratuzilmasida magistral ko‘chalarning uzunligi 102,6 kilometrdan 203 kilometrgacha oshiriladi. Shuningdek, jamoat transporti orqali yiliga 163,8 mln yo‘lovchiga xizmat ko‘rsatish rejalashtirilgan.
Qarorda ichimlik suvi, kanalizatsiya, issiqlik, gaz va elektr ta‘minoti tizimlari quvvatlarini oshirish, qattiq maishiy chiqindilarni qayta ishlash hajmini yiliga 419,65 ming kub metrgacha yetkazish hamda umumiy foydalanishdagi ko‘kalamzor hududlar maydonini 385 gektar etib belgilash nazarda tutilgan.
Shuningdek, bosh rejada tarixiy hududlarni rekonstruksiya qilish, ularning chekka qismlarida transport harakatini tartibga solish hamda turar joy qurilishi uchun 550 gektar, sanoat va ishlab chiqarish hududlari uchun esa 50 gektar zaxira yer maydonlarini rejalashtirish belgilangan.
Spot, avvalroq, Yangi Buxoro aeroportini qurish bo‘yicha tenderning birinchi bosqichi yakunlangani haqida yozgandi.