Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi nazorati inspeksiyasi Mega Logistics Service korxonsi tomonidan Toshkent shahrining Yakkasaroy tumanida qurilayotgan Newport turar-joy majmuasi atrofidagi vaziyat yuzasidan izoh berdi.
Bunga ijtimoiy tarmoqlarda nazorat idoralarining qurilish obyektlariga go‘yoki yetarlicha e‘tibor qaratmayotgani haqida tarqalayotgan xabarlar sabab bo‘ldi. Qurilishnazorat inspeksiyasi loyiha yuzasidan nazorat tadbirlari o‘tkazilganini, mas‘ul shaxslarga nisbatan esa ta‘sir choralari qo‘llanganini ta‘kidladi.
Idora ma‘lumotlariga ko‘ra, Mega Logistics Service‘ga tegishli hududda to‘qqizta blokda qurilish-montaj ishlari olib borilmoqda. Faqatgina uchta blok Arxitektura-shaharsozlik kengashi ishchi organining ijobiy xulosasiga, ijobiy ekspertiza xulosasiga ega bo‘lib, qurilishni boshlash uchun belgilangan tartibda Toshkent shahar hududiy nazorat inspeksiyasida ro‘yxatdan o‘tkazilgan.
“Qolgan 6 ta blokda esa qurilish-montaj ishlari inspeksiyadan belgilangan tartibda ro‘yxatdan o‘tkazilmasdan olib borilayotgani nazorat tadbirlari davomida aniqlangan”, — deyiladi xabarda.
Shu munosabat bilan buyurtmachi — Mega Logistics Service korxonasiga bir necha bor qurilishni faqat barcha zarur shaharsozlik hujjatlari rasmiylashtirilib, obyekt ro‘yxatdan o‘tkazilgandan keyingina amalga oshirish talabi qo‘yilgan va bajarilishi majburiy bo‘lgan yozma ko‘rsatmalar berilgan.
Ko‘rsatmalar talablari bajarilmagani sababli Mega Logistics Service‘ning mas‘ul mansabdor shaxslari ma‘muriy javobgarlikka tortilgan. Bundan tashqari, buyurtmachi tomonidan texnik nazoratni amalga oshirgan shaxsga nisbatan ham ta‘sir choralari ko‘rilgan.
Inspeksiya, shuningdek, ushbu holatlar bo‘yicha to‘plangan materiallar huquqiy baho berish uchun huquqni muhofaza qiluvchi organlarga yuborilganini ma‘lum qildi.
“Taʼkidlash lozimki, mazkur obyektda aniqlangan qonunbuzilish holatlari inspeksiya tomonidan eʼtiborsiz qoldirilmagan. Aksincha, ular yuzasidan belgilangan tartibda nazorat tadbirlari o‘tkazilib, vakolat doirasida tegishli taʼsir choralari qo‘llanilgan hamda qonunbuzilishlarga huquqiy baho berilishini taʼminlash bo‘yicha zarur choralar ko‘rilgan”, — deyiladi xabarda.
Inspeksiya bayonoti Toshkent shahar prokuraturasi tomonidan Mega Logistics Service korxonasi mansabdor shaxslari va boshqalarga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilishi fonida e‘lon qilindi. Tekshiruv Abdulla Qahhor ko‘chasidagi uy aholisining Newport turar-joy majmuasi qurilishi uchun majburan ko‘chirilayotgani, tovon puli yetarli emasligi va uylari buzib tashlanayotgani haqidagi murojaatlaridan so‘ng boshlangan.
Prokuratura ma‘lumotlariga ko‘ra, kompaniya aholini ko‘chirish bo‘yicha ijro harakatlari yakunlanmasidan turib, turarjoy binosini o‘zboshimchalik bilan buzib tashlagan.
Bundan tashqari, tekshiruv qurilish hududida ruxsatsiz beshta bino — bitta 20 qavatli, ikkita 19 qavatli, bitta 12 qavatli va bitta ikki qavatli turarjoy uylari qurilganini aniqlagan.
Jinoyat ishi bo‘yicha dastlabki tergovni Toshkent shahar prokuraturasi olib bormoqda.
KTYDR ma‘lumotlariga ko‘ra, Mega Logistics Service 2009-yil 16-iyulda Toshkent shahri Yakkasaroy tumanida ro‘yxatdan o‘tkazilgan. Kompaniyaning asosiy faoliyat turi sifatida “turar joy binolarini qurish” ko‘rsatilgan.
Korxonaning ustav fondi 214,8 mlrd so‘mni tashkil etadi. Uning eng yirik ta‘sischisi 49,2% ulushga ega fuqaro Wang Ruoyu hisoblanadi. Yana 31% ulush Turkiyaning Milestone Insaat Sanayi ve Ticaret Limited Sirketi kompaniyasiga, 19,8% esa One House kompaniyasiga tegishli. Korxona rahbari sifatida Ikramov Umidxo‘ja Yusuf o‘g‘li ko‘rsatilgan.

Spot, avvalroq, Chilonzordagi ko‘p qavatli uy qurilishida qoidabuzarliklar aniqlanib, ishlar to‘xtatilgani haqida yozgandi.